AsosiyShou-biznes

"Kechikkan hayot" "Do`stlik" kinofestivali ishtirokchisi

Dehli shahrida Hindiston fuqarolik kinoforumi, Hindiston kinoklublari federasiyasi, Hindiston fotograflari va rassomlari jamiyati tomonidan tashkil etiladigan an`anaviy «Do`stlik» kinofestivalining beshinchi anjumani o`z ishini boshladi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi xabar bermoqda.

Dehlida akkreditasiyadan o`tgan MDH mamlakatlarining elchixonalari ko`magida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilish marosimida Hindistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-gumanitar doiralari vakillari, diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari, kinomuxlislar va jurnalistlar hozir bo`ldi.

Anjumanda bunday san`at forumlari jahon xalqlari o`rtasidagi do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlash hamda o`zaro ishonchni oshirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Festivalda «O`zbekfilm» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan, bir necha xalqaro mukofotlarga sazovor bo`lgan «Kechikkan hayot» filmi (ssenariy muallifi Y. To`ychiev, rejissyor A. Shahobiddinov) namoyish etildi.

Turmushning inson oldiga qo`yadigan vazifalari, orzu va niyatlarning ushalishi yo`lidagi mehnat, hayotda to`g`ri yo`lni tanlashning muhimligi o`ziga xos, yangicha va qiziqarli tarzda, ajoyib obrazlar vositasida ifoda etilgan mazkur asar hindistonlik kino muxlislari va mutaxassislarda katta qiziqish uyg`otdi.

Xususan, Hindiston fotograflari va rassomlari jamiyati prezidenti Vimal Mehtaning fikricha, «Kechikkan hayot» filmi O`zbekistonda ijod qilayotgan yosh rejissyor va aktyorlar, ularning mahoratlari, o`zbek kino maktabining bugungi darajasi va erishayotgan yutuqlari haqida atroflicha tasavvur beradi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar