1

Qozog`istonda halokatga uchragan har bir bemor sog`lig`i alohida nazoratga olindi

Jamiyat 21.04.2019, 12:05
Qozog`istonda  halokatga uchragan har bir bemor sog`lig`i alohida nazoratga olindi

Oldin xabar berilganidek, shu yilning 20 aprel kuni tonggi soat 05:09 da Qozog`istonning Jambil viloyati Korday tumanidagi “Chimkent- Olma-ota” trassasining 181 kilometrida avtobus ishtirokida yo`l – transport hodisasi ro`y bergan edi. 49 nafar yo`lovchisibo`lgan avtobusda 11 nafar kishi yo`l-transport hodisasi oqibatida halok bo`lgan, 13 nafari turli darajada jarohatlangan.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning jabrlanganlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko`rsatish va yurtimizga olib kelish bo`yicha bergan topshirig`iga ko`ra, xukumat komissiyasituzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yo`l-transport hodisasi natijasida jarohatlangan hamyurtlarimiz ushbu bortdda mamlakatimizga olib kelindi. Aviabort bilan Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul xodimlari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Kozim Mahkamov boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham etib bordi.

— Biz maxsus aviabort bilan etib borganimizda qozog`istonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan edi, — deydi Kozim Mahkamov. — Shifokorlar guruhi Favqulotda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o`zida ular salomatligi qayta tekshiruvdan o`tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. O`zbekistonda bizni maxsus jihozlangan “Tez tibbiy yordam” avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga etkazildi.

Jarohatlanganlar orasida qoraqalpog`istonlik 34 yoshli Omirbek Xaytbaevning jarohati ancha og`ir edi. Agar unga o`z vaqtida malakali tibbiy yordam ko`rsatilmasa, hayoti xavf ostida qolayotgan edi. Shifokorlarning shoshilinch ravishda urinishlari natijasida Omirbek Haytbaevda murakkab jarrohlik operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazildi. Hozir bemor o`zini yaxshi his qilmoqda.

— Avariyadan ko`pchiligimiz o`zimizni yo`qotib qo`ydik. Chunki qattiq qo`rqqan edik, — deydi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanilayotgan qashkadaryolik Abbos Oljabaev. —Shunday paytda kimga xabar berish, kimdan yordam so`rashni ham bilmay qolar ekansan. Shunda eshitdikki, Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborgan ekanlar. Buni eshitib, hammamiz yig`lab yubordik. Axir, o`zga yurtda og`ir ahvolda turganingda sendan xavotir olib, Prezidentning o`zi samolyot yuborsa bundan quvonmay bo`ladimi...? Barcha g`amxo`rliklari uchun davlatimiz rahbariga rahmat. Biz qaerda bo`lmaylik, Vatan himoyasida ekanligimizni his qildik.

Hozirda yurtimizga keltirilgan fuqarolarimizga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari ko`rsatilmoqda. 20 aprel soat 12:00 gacha ularning 2 nafariga murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o`tkazilgan bo`lsa, ayni paytdayana 3 nafar bemor operasiya stoliga olingan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli tibbiy yordam ko`rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo`shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar etkazib berildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1