O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni qo`llab-quvvatlash hamda yoshlar orasida keng targ`ib etish maqsadida Andijon shahar markazidagi “Jome`” me`moriy majmuasida “Buyuklarga beshik bo`lgan Andijonim” shiori ostida madaniy tadbir o`tkazildi.
Tadbirda taniqli olimlar va ijodkorlar deputatlar, partiya yoshlar qanotining faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilishida so`z olgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiviloyat kengashi raisi Hamidjon Omonov Prezidentimiz boshchiligida ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarning mohiyati xususida fikr-mulohazalar bildirdi. Bu tashabbus yoshlar orasida musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san`atni keng targ`ib etish barobarida iste`dodlarni kashf etishga xizmat qilishi alohida ta`kidlandi.
Musiqiy dastur davomida Andijon shahridagi 1-son bolalar musiqa va san`at maktabi o`quvchilari milliy musiqa asboblarida ijro etgan diltortar kuylar, Andijon iqtisodiyot kolleji o`quvchilarining “Andijon polkasi”ga hamohang raqslari yig`ilganlarga ko`tarinki kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, partiyaning faol yoshlari tomonidan milliy urf-odatlarimiz, an`analarimizni o`zida mujassam etgan atlas, adras liboslar kolleksiyalarining namoyishi olqishlarga sazovor bo`ldi. Tadbir davomida o`tkazilgan “Viktorina” savol-javoblarida ishtirokchilarning yurtimiz tarixi, olimu fuzalolarining ijodiy merosini qanchalik bilishi borasidagi bilimlari yana bir bor sinovdan o`tkazildi.
Bir guruh san`atkorlar tomonidan ijro etilgan Vatan, uning buguni va kelajagini madx etuvchi qo`shiqlar tadbirga yanada o`zgacha shukuh bag`ishladi.
Yakunida faol ishtirokchilar va viktorina g`oliblari O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashining faxriy yorliqlari, esdalik sovg`alari hamda kitoblar bilan taqdirlandilar.
Eng muhimi ushbu tadbir uch siyosiy partiya – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O`zXDP hamda O'zLiDePning viloyatdagi kengashlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.






