Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirish mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosi bo`lib xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni aholi bilan yaqindan muloqotda bo`lish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Farg`ona viloyat sudlari raislari tomonidan hududlarda sayyor qabullar o`tkazish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqilgan bo`lib, uning ijrosini ta`minlash maqsadida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 26 aprel kuni Farg`ona viloyat fuqarolik, jinoyat, ma`muriy va iqtisodiy sudlari raislari tomonidan Quva tumanida fuqarolar bilan ochiq muloqot va sayyor qabul o`tkazildi.
Sud raislari tomonidan fuqarolarga sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, soni ortib borayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarni kamaytirish, oila, nikoh, uy-joy, meros masalalari yuzasidan ma`ruzalar qilishdi.
Xususan, jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudining raisi M.Tulanov tomonidan firibgarlik jinoyatining tushunchasi, uning turlari, bugungi kunda bu turdagi jinoyatning sodir etilish usullari, fuqarolarning firibgarlik jinoyatining qurboni bo`lib qolmasliklari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
O`tkazilgan ochiq muloqotdan so`ng sud raislari fuqarolarning jinoiy, fuqarlik, ma`muriy va iqtisodiy sud ishlariga doir murojaatlari yuzasidan ular bilan suhbatlashib, murojaatlarda ko`tarilgan masalalarning qonuniy hal qilish choralarini ko`rishdi.
Farg`ona viloyat sudlari raislari tomonidan 2019 yil 6 fevralda tasdiqlangan rejaga asosan bu kabi sayyor qabul va uchrashuvlar viloyatning boshqa tumanlarida ham o`tkaziladi.
Maxkamjon Abdubannabov
Jinoyat ishlari bo`yicha
Farg`ona viloyati sudi Sud amaliyoti
va statistikasi tahlili bo`limining
boshlig`i






