AsosiyJamiyat

Mudofaa vazirligida harbiylashgan kross yugurish musobaqasi o`tkazildi

'Mudofaa vazirligida harbiylashgan kross yugurish musobaqasi o`tkazildi'ning rasmi

24-25 aprel kunlari Chirchiq poligoni bazasida Mudofaa vazirligi miqyosida harbiylashtirilgan krossning yakuniy bosqichi bo`lib o`tdi.

Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonligi, barcha harbiy okruglar va oliy harbiy ta`lim muassasalari vakillaridan tarkib topgan 12 ta jamoa shiddatli yomg`ir ostida musobaqada o`zaro kuch sinashdi. Ha, ob-havo injiqliklari harbiy xizmatchilarni to`xtata olmadi.

1,5 km yugurib kelayotgan ishtirokchi avtomatda o`q otish mahoratini namoyish etib, ortga qaytayotib, granata uloqtirishi zarur edi. Nihoyat, ortga qaytib kelib, manziliga qaytganida 3 km masofani bosib o`tgan hisoblanadi. Ishtirokchilarning natijalari yakka holda va umumjamoa hisobida yuritib borildi. Bunday paytda bir kishining past natijalari boshqalarga ham salbiy ta`sir ko`rsatmasdan qolmaydi. Shuning uchun birov birovdan qolay demadi. Ust-boshi ivib ketganini ham finishga etganda payqashdi.

Aslida bunday sharoitda belni bog`lab maydonga tushishning o`zi g`oliblikka teng. Ammo ko`rsatkichlar chinakam o`rinlarni belgilaydi. Unga ko`ra yakka tartibda 1-o`rin Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Jahongir Bulakov, 2-o`rin Sharqiy harbiy okrugi vakili Husniddin Mirzamatov, Toshkent harbiy okrugi vakili Yangiboy Ro`zimurodov 3-o`rinni egalladi. Umumjamoa hisobida esa g`oliblik Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtiga nasib etdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi 2-o`rinni va Toshkent harbiy okrugi jamoasi 3-o`rinni qo`lga kiritdi.

G`olib va sovrindorlar kubok, diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar