AsosiyDunyo

Xitoy miloddan avvalgi VII asrda o`rnatilgan tuz monopoliyasini bekor qiladi

Xitoy tuz ishlab chiqarish va savdosi ustidan miloddan avvalgi VII asrda o`rnatilib, hozirgacha saqlanib kelayotgan davlat monopoliyasini bekor qiladi. Ushbu qaror hukumatning bozor islohotlari o`tkazib, byurokratiyaga qarshi kurashish borasidagi harakatlari bilan bog`liq, deb xabar bermoqda «Vedomosti» Financial Times ma`lumotiga tayanib.

Yaqin orada mahalliy ishlab chiqaruvchilar tuzni nafaqat China National Salt Industry davlat kompaniyasi, balki boshqa provinsiyadagi iste`molchilarga ham to`g`ridan-to`g`ri sotish imkoniga ega bo`ladi.

Xitoy OAVlarida qayd etilishicha, 2016 yildan boshlab tuz narxi liberallashtiriladi, 2017 yildan esa tadbirkorlikning ushbu sohasi bilan shug`ullanishni istaganlariga yangi lisenziyalar beriladi.

Avvalgiga qaraganda hozirda mamlakatda tuz sohasining roli ancha pasaygan. Xususan, Beijing Orient Agribusiness Consultant xodimi Ma Vanfenning so`zlariga ko`ra, tuz ishlab chiqarish va sotish milliy daromad manbalarining juda kichik qismiga tengdir. «Shuning uchun ham byurokratiya zanjiriga ko`p odam jalb etishga hojat yo`q», — dedi Ma Vanfen.

Bundan tashqari, iste`molchilarga tuz etkazib beruvchi va bu sohani nazorat qiluvchi China National Salt Industry kompaniyasi ayni damda davlat yordamiga ehtiyoj sezmoqda. 2012 yilda mazkur kompaniya uchun subsidiyalar miqdori 720 million yuan (118 million dollar)ni tashkil etgan edi.

    Boshqa yangiliklar