Poytaxtimizdagi O`zbekiston tasviriy san`at galereyasida “Turkiya o`zbek rassomlari nigohida” nomli ko`rgazma bo`lib o`tdi. O`zbekiston Badiiy san`at akademiyasi, Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi, qardosh mamlakatning Bursa va Xatay viloyat hokimliklari tashabbusi bilan o`tkazilgan mazkur tadbirdaTurkiyada ijodiy safarda bo`lib qaytgan o`zbek rassomlarining ijod namunalari namoyish qilindi.
Tadbirda so`zga chiqqan Turkiyaning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er ikki mamlakat o`rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar uzoq o`tmishga egaligi, har ikki xalqning ildizlari bir ekani, bugungi kunda mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar har tomonlama rivojlanib borayotganini qayd etdi.
–Biz dastavval o`zbek rassomlarining Turkiya Respublikasiga safarini tashkil qildik, - deydi Turkiyaning yurtimizdagielchixonasi madaniyat ishlari bo`yicha maslahatchisi Jesim Chelebiy. – O`zbek rassomlariBursa va Xatay viloyatlarida bir necha kun mehmon bo`lib, ushbu hududlarning tabiati, urf-odatlari, odamlarining yashash tarzi bilan yaqindan tanishdilar va o`zlarini ta`sirlantirgan holatlarni tasvirladilar. Bugungi ko`rgazmada ana shu lahzalar aks etgan suvratlar tomoshabinlar e`tiboriga havola qilinmoqda.
Ko`rgazmada Sobirjon Rahmetov, Rustam Xudoyberganov, Baxtiyor Mahkamov, Zebiniso Sharipova, Xurshid Ziyoxonov, Kamoliddin Mirzaev, Farrux Ahmadaliev, Shahnoz Abdullaeva, Kamoliddin Abdullaev singari rassomlar ijodiga mansub tasviriy san`at asarlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.






