AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qahramoni uchrashuvni poligonda davom ettirishni istadi

'O`zbekiston Qahramoni uchrashuvni poligonda davom ettirishni istadi'ning rasmi

Kecha, 2 may kuni Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vasiliy Juchkov bilan uchrashuv o`tkazdi.

Dastlab 96 yoshli urush faxriysining uyiga tashrif buyurildi.Urush faxriysining talabiga binoan hamda harbiy xizmatchilarning real amaliy mashg`ulotlarini ko`rish istagi inobatga olinib uchrashuv “Chirchiq” poligonida davom etdi. Vasiliy Juchkov u erda harbiy xizmatchilar tomonidan bajarilayotgan jangovar mashg`ulotlarni yuqori baholadi. Uchrashuvning yana bir qismi Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtida davom etdi.

Tadbir avvalida bugungi tinch va osuda kunlarning qadriga etishga undovchi lavhalar urush davrining suronli va dahshatli kunlarini tasvirlovchi videorolik namoyish etildi. Uchrashuv davomida so`zga chiqqan Vasiliy Juchkov Ikkinchi jahon urushining o`zbek xalqi boshiga keltirgan kulfatlari,yurtimiz istiqlolga erishgach urush va mehnat faxriylarini qadrlash borasida hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida yig`ilganlarga gapirib berdi.

Vasiliy Juchkov 1923 yilda Farg`ona shahrida tug`ilgan. 19 yoshida frontga yo`l olgan Vasiliy bobo Birinchi Belorus frontida marshal Konstantin Rokossovskiy qo`mondonligi ostida jang qilgan. 37-motoo`qchi diviziya bilan Minsk, Mogilev, Brestni ozod etishda qatnashgan. Vasiliy Juchkovning 9-rotasi Berlinni qo`lga kiritishda ishtirok etgan. Urush yakunlangach, Juchkov Farg`onaga qaytgan va 2001 yildan buyon Chirchiqda istiqomat qiladi.O`zbekiston Respublikasi Qahramoni ordeni bilan taqdirlangan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar