AsosiyJamiyat

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamisha e`zozda

'Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamisha e`zozda'ning rasmi

Xalqimiz azaldan o`lkamizni bosqinchilardan himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va daxlsizligi uchun kurashgan qahramonlarini e`zozlab kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushida halok bo`lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og`ir kunlarni sabr-bardosh bilan enggan, mashaqqatli sinovlarda o`zligini yo`qotmagan, iymoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat ko`rsatish tom ma`noda milliy an`anaga aylandi.

Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o`zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo`lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Front hududlaridan O`zbekistonga ko`chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko`rgan xalqimiz o`zining naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma`naviyatini yaqqol namoyon etdi.

Mana necha yildirki, 9 may – Xotira va Qadrlash kuni yurtimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Joriy yilda ham ushbu bayramni ko`tarinki ruhda o`tkazish, tinch va omon kunlarga etib kelishimizda o`z jonini fido qilgan yurtimiz qahramonlarini xotirlab, qonli jangohlarda mardonavor kurashib fashizm ustidan g`alaba qozonilishiga o`zining munosib hissasini qo`shgan, hozirda ulug` yoshlarni qarshilab, bugungi kun avlodlariga urush davrining og`ir kunlari haqida so`zlab berayotgan insonlar qadrlanib, e`zozlanmoqda.

Xususan, Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi farmoniga muvofiq 9 may – Xotira va Qadrlash kuni, fashizm ustidan qozonilgan g`alabaning 74 yilligi munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 7,5 million so`m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi, yuqoridagi so`zlarimizning isbotidir.

Farmon ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan shu kunlarda urush qatnashchilarining holidan xabar olinib, ularga minnatdorchilik izhor etilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang olib borib, bugungi kun yoshlariga namuna bo`lgan faxriy inson Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanida istiqomat qilayotgan 93 yoshli Anatoliy Seryogin xonadoniga tashrif buyurgan bo`lsa, Ichki ishlar vazirining o`rinbosari polkovnik Rustam Xatamov Yunusobod tumanida yashayotgan 92 yoshli Afanasiy Ivanovni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan qutlash uchun xonadoniga bordi.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vaziri o`rinbosari polkovnik Shovkat Mavlyanov bayram bilan tabriklash maqsadida Shayxontohur tumanida yashovchi 94 yoshli Abduvoxid Abidov xonadoniga borgan bo`lsa, Ichki ishlar vaziri o`rinbosari polkovnik Akramxon Boboxonov Mirobod tumanida istiqomat qilayotgan 96 yoshli Valentina Myasnikovaning xonadoniga tashrif buyurdi. Har ikki urush faxriylari chin yurakdan tabriklanib, Ichki ishlar vaziri tomonidan ajratilgan 2,5 million so`m pul mukofoti va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlandilar.

Mazkur taqdirlash marosimlarida Ichki ishlar vazirligining Alohida Namunali-ko`rgazmali orketri hamda Madaniyat saroyining xonanda va sozandalari ham ishtirok etib, urush davrini va g`alaba kunlarini eslatuvchi kuy-qo`shiqlari bilan yig`ilganlarni tabrikladi. Ayniqsa, ular kiygan, urush davrini eslatuvchi liboslar hammaning qalbida o`zgacha taassurot qoldirib, tinch yurtga bayramlar yarashadi, deganlaridek, yangragan sho`x kuy-qo`shiqlarga kattayu kichik raqsga tushdi.

    Boshqa yangiliklar