AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri: "Fidoyi hamshiralar qarshisida hamisha ta`zimdaman!" (fotoreportaj)

'Sog`liqni saqlash vaziri: "Fidoyi hamshiralar qarshisida hamisha ta`zimdaman!" (fotoreportaj)'ning rasmi

Poytaxtimizdagi Xalqlar do`stligi san`at saroyida 12 may – Xalqaro hamshiralar kuniga bag`ishlangan tantanali bayram tadbirida fidoyi kasb egalariga yana bir bor ehtirom ko`rsatildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.


Unda Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Sog`liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Farhod Xanapiyaev so`zga chiqib, barcha hamshiralarni Xalqaro hamshiralar kuni bilan samimiy qutladi.

– Zamonaviy tibbiyotni hamshiralar ishtirokisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Eng ilg`or texnologiyalarga asoslangan amaliyotlarni o`tkazish jarayonidan tortib, operasiyadan keyingi bemor parvarishi, laboratoriya-diagnostika sohasi, uyma-uy yurib, oiladagi tibbiy madaniyat darajasining yuqori bo`lishida patronaj hamshiralarning o`rni beqiyos, – dedi, jumladan, Alisher Shadmanov. – Shu bois ham, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda olib borilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida hamshiralik ishini takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilayapti. Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 may kuni tibbiyot va farmasevtika ta`limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirishga oid qaroriga ko`ra, o`rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. Shu o`rinda yurtimizda uch yuz ming nafardan ziyod o`z kasbiga sadoqatli hamshiralar tibbiyotning turli bo`g`inlarida samarali faoliyat yuritib kelayotganini alohida ta`kidlamoqchiman. Ana shunday fidoyi, orasta, oqila, bir so`z bilan aytganda, olijanob kasb egalari bo`lgan hamshiralarimiz qarshisida hamisha ta`zimdaman.

Qayd etish joizki, bugungi kungacha Toshkent tibbiyot akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo`limlarida anesteziologiya va reanimasiya, xirurgiya, akusherlik va menejment kabi qator yo`nalishlar bo`yicha to`rt yarim ming nafar oliy ma`lumotli bakalavr xamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Ular davolash-profilaktika muassasalarida bosh, katta va etakchi hamshira hamda tibbiyot instituti va kollejlarida o`qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Yana bir e`tiborli jihati, 18 nafar oliy ma`lumotli hamshira tibbiyot sohasida falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega bo`ldi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida o`tgan yil davomida samarali faoliyati bilan aholi salomatligini saqlashda munosib hissa qo`shgan bir guruh fidoyi hamshiralar tashkilotchilar tomonidan diplom va estalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

El ardog`idagi san`atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar tantanali bayram tadbiriga o`zgacha fayz kiritdi.


    Boshqa yangiliklar