O`zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda bir guruh faol vatandoshlarimiz hamkorligida joriy yilning 10 may kuni Pekin texnologiyalar institutida o`tkazilgan “Xalqaro madaniyat kuni” tadbiri doirasida O`zbekistonning turizm salohiyati targ`ib etildi. Tadbirda 3000 dan ortiq mahalliy aholi va Xitoyga tashrif buyurgan turistlar ishtirok etishdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda milliy kuy-qo`shiqlarimiz va raqslarimiz namoyish etildi hamda milliy taomlarimiz tayyorlanib, ishtirokchilarga tortiq etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan taqdim etilgan O`zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targ`ibot materiallari tarqatildi va ularga O`zbekiston haqida qiziqarli ma`lumotlar etkazildi.

“Tadbir ishtirokchilariga O`zbekiston tarixi, madaniyati, san`ati, milliy taomlari, urf-odatlari va xalqimizning mehmondo`stligi haqida batafsil ma`lumot berdik. Qayd etish lozimki, Xitoyliklar orasida O`zbekistonga tashrif buyuruvchilar soni ko`payib bormoqda, bunga o`z hissamizni qo`shayotganimizdan hursandmiz” – Ravshan Turg`unov - talaba.

“So`ngi yillarda O`zbekistonning turizm salohiyati xalqaro reytinglarda sezilarli darajada yuqoriladi hamda jahon ommaviy axborot vositalarida mamlakat nomining tez-tez qayd etilishi kuzatilmoqda. Xususan, Xitoyning “Travel and Leisure” jurnalida O`zbekiston - sayohat uchun eng yaxshi joy etib qayd etildi, bu xitoyliklarga ijobiy ta`sir ko`rsatib, yurtimizga tashrif buyurishlariga katta qiziqish uyg`otmoqda” – Shahzod Ochilov - talaba.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, mazkur tadbirlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash doirasida tashkil etilmoqda.
O`z navbatida, Turizmni rivojdantirish davlat qo`mitasi O`zbekistonning turizm salohiyatini xorijda keng targ`ib qilishda faollik ko`rsatayotgan vatandoshlarimiz Yo`lchiboy Kalasov, Bobur Nekov, Yuliya Ten, Shahzod Ochilov, Rahim Bahromov, Timur Xidayarov, Ravshan Turg`unov, Abdulatif Yunusov, Dilshod Batiev va Odiljon Atabaevlarga minnatdorchilik bildiradi.






