Bojxona xodimlari zargarlik buyumlarini mamlakatimizga noqonuniy olib kirilishiga o`z vaqtida chek qo`yishmoqda. Ana shunday bir nechta urinishlar Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “G`ishtko`prik” chegara bojxona postida aniqlandi.
Qo`shni davlatdan yurtimizga kirib kelgan fuqaro B.I. xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, ushbu shaxs kiyimlari ichiga polietilin paketga o`rab yashirib olgan, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan og`irligi 168 gramm sariq rangli metalldan yasalgan, qiymati 50 million so`mlik 15 dona uzuk, 2 dona bilaguzuk, 7 juft zirak, 3 dona zanjir va
3 dona kulon zargarlik buyumlari mavjudligi aniqlandi.

Yana bir holatda fuqaro I.L. xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, uning oyoq kiyimlari tagligiga yashirilgan, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, og`irligi 232 gramm kumushdan yasalgan, qiymati 7 million so`mlik 17 juft zirak, 22 dona uzuk, 11 dona zanjir, 4 dona bilak zanjirlari va 5 dona zanjir zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Fuqaro M.Z.ning bezovtalanishi ziyrak bojxona xodimlarida bejiz shubha uyg`otmagan ekan. Ushbu fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, oyoq kiyimlarining tagligiga yashirilgan, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, og`irligi 448 gramm oq metalldan yasalgan, qiymati 13 million so`mlik
30 juft zirak, 42 dona uzuk, 9 dona kulon, 31 dona zanjir va 5 dona bilak zanjir zargarlik buyumlarini yashirib olib o`tishga bo`lgan urinishini oldi olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






