Butun mamlakatimizda bo`lgani kabi Buxoro viloyatida ham muborak Ramazon kunlarida keksalar, ko`makka muhtoj fuqarolarga mehr – oqibat ko`rsatish, ular tashvishlarini engillashtirish yumushlari davom etmoqda. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari alohida e`zozda.
"Xalq so`zi" nashrining yozishicha, Buxoro shahridagi Abdurauf Fitrat mahalla fuqarolar yig`ini hududida istiqomat qiluvchi 100 yoshli urush qatnashchisi Ahmad G`ulomovga Prezident sovg`asi – “Damas” avtomobili topshirilgani fikrimiz tasdig`idir.
- Uyimizda har kuni bir bayram,-deydi otaxon. — Prezidentimizning bayram tabrigi, pul mukofotlarini, viloyat hokimligi tuhfalarini olib boshimiz ko`kka etdi. “Damas” avtomobili ajratilganini aytmaysizmi? Nevaralarim “Sizni bu mashinaga chiqarib, Buxoroi sharifni tomosha qildiramiz,” deyishmoqda. Qo`ni – qo`shnilar “Bu mashina yaxshi kunlarga buyursin” deb ezgu tilaklar bildirishyapti. Bu e`tibor va g`amxo`rlik umrimga umr qo`shmoqda. Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz turmushi yanada farovon bo`lsin!
Qorovulbozor tumanidagi Bo`ston mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mametjuma Navro`zovga ham Prezident sovg`asi – “Damas” rusumli avtomashina tuhfa qilindi.






