Boylarning bir necha xili bor: ba`zilar butun umr tinim bilmay ishlagan, ba`zilarda bir millionlik g`oya tug`ilib, yuksaklarga ko`tarilishiga yordam bergan, boshqalar esa boy oilalarda tug`ilgan-u, atigi bir kun ham ishlamagan, yana ba`zilar shunchaki bir necha dollarga lotereya chiptasini sotib olgan, yutuqqa chiqqan millionlarni nimaga sarflashni bilolmay qolgan. Bugun biz kutilmaganda meros qolgan boyliklar haqida gaplashmoqchimiz.
Mijoz qoldirgan 500000 dollar
Chagrin Fols (Ogayo)da 17 yoshli ofisiant qiz Sara Vuds 1992 yilda o`zi ishlaydigan qahvaxonaga tez-tez kirib turadigan Bill Krakston bilan do`stlashib qoldi. Vuds qariyaga uy ishlarida ko`p yordam berardi. Krakston esa uni o`z qizidek yaxshi ko`rardi. Chol 82 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Kasalxonada u eng yaqin qarindoshi sifatida Vudsning raqamini ko`rsatib, unga 500000 dollar, uy va ikkita mashina qoldirdi. Vuds puldan oqilona foydalandi: o`qidi.
Tasodifiy 17 merosxo`r
Portugaliyalik zodagon Luis Karlos de Noronya Kabral da Kamara bolasi yo`q badavlat bo`ydoq edi. U 42 yoshida tabiiy vafot etdi. O`lgan kuni 17 nafar hech nimadan xabari yo`q portugaliyalikka qo`ng`iroq qilib, Portugaliyaning eng boy odamining merosxo`riga aylanganini aytishdi. Luis vafotidan 13 yil avval ularni telefon ma`lumotnomasida barmog`ini nuqib tanlagandi. 25000 evrodan tashqari, u 12 xonali kvartira, uy va mashina meros qoldirdi. Bularni 17 nafar notanish merosxo`rga taqsimlab berishdi.
Daydi aka-ukaga notanish buvidan 6,6 million dollar
Zolt va Geza Peladi Budapeshtdan atigi bir necha kilometr naridagi g`orda yashab, biroz qimmatliroq axlat qidirib shahar izg`irdi. Buvisi ularni ko`p yillar oldin yo`qotib qo`ygan, ancha vaqtgacha topolmagandi. Kampirning vafotidan so`ng advokatlar aka-ukani qidirib topish va olti yarim million meros egasi bo`lganlarini aytish uchun ijtimoiy xizmatlar bilan bog`lanishdi. Advokatlarning ularni topgani mo``jiza bo`ldi. Chunki tuqqan onasi bolalaridan ular hali bir yoshga to`lmayoq voz kechgandi.
Badavlat amakining deyarli 1 milliardlik merosi
Sergey Sudov Germaniyadagi amakisini yaxshi tanimasdi. U bilan atigi bir marta ko`rishgan va hech nimaga umid qilmagandi. Deyarli 1 milliard evro meros qolgani haqidagi xabarni eshitgach, uning bunday munosabat bildirishini hech kim kutmagandi. Sergey bu pullardan foyda bor deb o`ylamaydi. "Yana bitta bosh og`rig`i”, deydi. Oyiga atigi 150 evro maosh oladigan yigit jurnalistika fakultetida sirtdan o`qib, mahalliy radioda dijey bo`lib ishlaydi.
Kambag`al tog`alardan qolgan meros
Nyu-Yorkda yashaydigan hisobchi Mort Zacher bolaligidan ota-onasining tog`alari Genri va Joga tegishli novvoyxonada tinim bilmay ishlashiga guvoh bo`lgandi. Ularga non va pechene qoldiqlari bilan haq to`lashardi, o`zi esa 36 yoshga to`lguncha mashaqqatli hayot kechirgandi. 36 yoshda esa u tog`alari o`zi o`ylaganidan ancha boy bo`lganini bilib qoldi, chunki ulardan unga 6 million dollar meros qoldi. Ota-onasi Mort merosni olishni taklif qilganda, rozi bo`lmadi. Hozir hisobchi xotira kitoblarini yozish bilan band, katta merosni sarflashga esa oshiqmayapti.
Aldangan ayolning katta merosi
Bir paytlar Osiyoning eng boy ayoli bo`lgan Nina Vang saratonga chalinganidan xabar topgach, vasiyatnomasini boshqatdan yozib, fenshuy ustasi Toni Changa katta meros qoldirdi. Chan, agar ayol vasiyatnomasida uning ham ismini tilga olsa, maxsus amaliyot butun umr yashashiga yordam berishini va`da qilgandi. Unga qadar hamma boylik oilasiga atalgan, bir qismigina xayriyaga sarflanishi kerak edi. Vasiyatnoma e`lon qilingach, yaqinlari darrov sudga murojaat qilishdi. Sud ishni qarindoshlar foydasiga hal qildi, Channi esa firibgarlik va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblab, qamashdi.
Yo`qolgan otadan qolgan 40 million dollar
Argentinalik oqsoch ayol baron Rufino Oteroning qizi ekanligini isbotlash uchun to`qqiz oy sudma-sud yurishga, hatto DNKni solishtirish uchun jasadni yorib ko`rdirishga majbur bo`ldi. Paolo otasi oqsuyaklardan ekanligini har doim taxmin qilgan, onasi esa bu sirni qabrga olib ketgandi.
Xazinalar yashiringan orol
Josh buvasini bir necha marta ko`rgandi, biroq bu uning merosiga yagona merosxo`r bo`lishiga xalal bermadi. Samuil (Joshning buvasi) diniy qarashlar tufayli qizining nikohini ma`qullamagan, ammo nevarasini juda yaxshi ko`rardi. U nevarasiga xususiy orolni meros qoldirdi. Vasiyatnomada aytilishicha, orolning qaeridadir qimmatbaho toshlar yashirilgan.
Eng ko`p bolali ayol uchun meros
Charlz Vins Miller xasis odamlarni mazax qilishni yoqtiradigan kanadalik ishi yurishgan advokat va biznesmen edi. O`layotgan chog`ida uning qarindoshlari ham, bolalari ham yo`q edi, shuning uchun vasiyatnoma matni noodiy iltimoslarga to`la edi. Bu iltimoslarning eng qizig`i shuki, advokat davlatining bir qismini vafotidan 10 yil o`tgach, naqd pulga aylantirib, eng ko`p bolali ayolga berishni so`ragandi. Bu ish natijasida sud ishlari boshlanib ketdi. Qator tekshiruvlardan so`ng 4 nafar ayol bu pulni bo`lib oldi. Har biriga 750000 dollardan tegdi. Ularning 9 nafar farzandi bor edi.
Merosdan qochgan daydi
67 yoshli Tomas Martinez Boliviyada Santa-Krus-de-la-Serra ko`chasida yashardi. Bir kuni o`rindiqda uxlayotganida, polisiyachilar bir necha yil avval ajrashgan xotinidan 6 million dollar meros qolganini xabar qilish uchun yoniga kelishdi. Martinez giyohvand modda saqlagani, daydilik qilgani va ichgani uchun hibsga olishmoqchi deb o`ylab, qochib ketdi. Mahalliy gazetalar u haqda rosa yozishdi: "Mahalliy millioner o`z merosidan qochib ketdi...” Millionerning qaerdaligi hali ham ma`lum emas.
manba: biznestrener.uz