AsosiyJamiyat

Inson resurslari sohasidagi hamkorlik doirasida birinchi o`zbek-yapon forumi bo`lib o`tadi

'Inson resurslari sohasidagi hamkorlik doirasida birinchi o`zbek-yapon forumi bo`lib o`tadi'ning rasmi

O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 15 fevralda tasdiqlangan “Yo`l xaritasi”ga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning o`qitish sohasidagi hamkorlik bo`yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) tomonidan 2019 yil 14 may soat 13:00 da Yaponiyaning Tokio shahrida inson resurslari sohasida hamkorlik bo`yicha ilk o`zbek-yapon forumi o`tkaziladi.

Forumdan ko`zlangan maqsad – inson resurslari sohasida, shu jumladan, mehnat migrasiyasi va migrantlarni kasbiy o`qitish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun ishchi platformani yaratish, yaponiyalik ish beruvchilarni O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat imkoniyatlari bilan tanishtirish hisoblanadi.

Bugungi kunda Yaponiyada inson resurslari tanqis bo`lgani bois, Yaponiya hukumati xorij fuqarolari uchun mehnat bozorini liberallashtirish bo`yicha qaror qabul qildi. Shunga ko`ra yaqin 5 yil ichida 9 ta mamlakatdan (Vetnam, Xitoy, Filippin, Myanma, Kambodja, Indoneziya, Mongoliya, Tailand, Nepal) 350 ming nafar ishchini Yaponiya mehnat bozoriga kiritish rejalashtirilgan. Uzoq yillik hamkorlik aloqalarni hisobga olgan holda Yaponiya O`zbekistonni 10-davlat sifatida ana shu mamlakatlar qatoriga kiritishni ko`rib chiqmoqda. Bu orqali 7000 nafar O`zbekiston fuqarosini Yaponiyada ishga joylashtirish imkoni paydo bo`ladi. Birinchi o`zbek-yapon forumi doirasida mana shu masalalarga ham alohida e`tibor qaratiladi.

Forumda O`zbekistondan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari Erkin Muxitdinov, vazirlik matbuot xizmati boshlig`i Dilafruz Ikromova, tashqi mehnat migrasiyasi va mehnat migrantlarini reintegrasiyalash dasturi boshqarmasi boshlig`i R.Atabaev, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`ining birinchi o`rinbosari Ravshan Shoraimov, O`zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G.Fozilov qatnashadi.

Forumda yaponiyalik ish beruvchilar va rekruting tashkilotlari, O`zbekiston Respublikasi xususiy bandlik agentliklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etadi.

Shuningdek, Yaponiyaga tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Yaponiyaning o`qitish sohasidagi hamkorlik bo`yicha xalqaro tashkiloti (JITCO) o`rtasida texnik stajirovka sohasida ma`lumot almashish va Yaponiya hududida O`zbekison fuqarolarini ishga joylashtirish bo`yicha hamkorlik Memorandumini imzolash, “APA Group” kompaniyasi vakillari bilan O`zbekiston fuqarolarini kasbga tayyorlash va kelgusida ishga joylashtirish bo`yicha muzokaralar olib borish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar