11—12 may kunlari O`zbekiston Mudofaa vazirligi sport klubining armiya qo`l jangi ochiq-saralash musobaqasi bo`lib o`tdi.
Unda barcha harbiy okruglar, Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari hamda Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondonliklari, shuningdek, respublikamizdagi oliy harbiy ta`lim muassasalaridan jami 138 ta harbiy sportchilar 13 ta jamoa tarkibida o`zaro bellashdi.
Musobaqa 8 ta vazn toifasida: -60kg, -65 kg, -70 kg, - 75 kg, - 80 kg, - 85 kg, - 90 kg hamda 90 kilogrammdan yuqori o`tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko`ra, Toshkent harbiy okrugi jamoasi birinchi o`rinni egallagan bo`lsa, ikkinchi o`rin Markaziy harbiy okrug harbiy sportchilariga nasib etdi. Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug jamoasi esa 3-o`ringa sazovor bo`ldi.
Musobaqa g`oliblari:
- Ramazon Temirov — Toshkent harbiy okrugi (-60 kg);
- Elyor G`ofurov— Toshkent harbiy okrugi (-65 kg);
- Behruz Akbarov— Toshkent harbiy okrugi (-70 kg);
- Husniddin Mamajonov— Markaziy harbiy okrug (-80 kg);
- Bekzod Nurmatov— Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti (-85 kg);
- Sherali Muhammadaminov— Toshkent harbiy okrugi (-90 kg);
- Ulug`bek Karimov— Markaziy harbiy okrug (+90 kg).
Musobaqa g`oliblari diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanib, MDHga a`zo mamlakatlarning do`stona armiyalarining spartakiadasi doirasida o`tkaziladigan armiya qo`l jangi bo`yicha chempionatga yo`llanmani qo`lga kiritdi.
Ta`kidlash kerakki, o`tgan yilning sentyabr oyida Hamdo`stlikka a`zo davlatlar do`stona armiyalarining spartakiadasi doirasida Toshkentda o`tkazilgan Armiya qo`l jangi chempionatida O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritgan edi. Bu yilgi xalqaro darajadagi musobaqa Qozog`istonda o`tkazilishi kutilmoqda.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati