Mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma`muriyati boshlig`i o`rinbosari Li Go boshchiligidagi delegasiya 2019 yil 13 may kuni Davlat bojxona qo`mitasida bo`ldi.
Uchrashuvda ta`kidlanganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan keyingi yillarda O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko`plab sohalarda aloqalar yanada faollashmoqda.
Ikkala mamlakat o`rtasida tashqi savdo aylanmasi 2018 yilda 1,9 mlrd. AQSh dollarini, 2019 yilning o`tgan 4 oyi davomida salkam 837 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

“Bir makon, bir yo`l” tashabbusi doirasidagi hamkorlik o`zaro savdo va investisiya aloqalarini mustahkamlash, yangi transport va logistika yo`laklari yaratilishini rag`batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida O`zbekiston tomoni “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish tashabbusini ilgari surmoqda.
Bu eng avvalo serquyosh zaminimizda etishtirilayotgan meva-sabzavotlarining Xitoy bozorlariga ham emin-erkin kirib borishiga yo`l ochadi.
Mavjud salohiyatdan unumli foydalanish va imkoniyatlar ko`lamini kengaytirish eng avvalo O`zbekiston va Xitoy bojxona xizmatlari o`rtasida samarali va o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni taqozo etadi.
Ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o`rtasida shu vaqtga qadar Bojxona sohasida o`zaro ko`mak to`g`risidagi Bitim, Bojxona statistikasi sohasida axborot hamkorligi to`g`risidagi anglashuv Memorandumi, O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo`mitasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona ma`muriyati o`rtasida ma`lumot almashuvini yo`lga qo`yish to`g`risida Bayonnoma imzolangan.
Ushbu hujjatlarda aks etgan hamkorlik shartlarining to`laqonli ravishda bajarilishi uchrashuv kun tartibidagi dolzarb masala bo`ldi.
Zotan, bu tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog`liq bojxona sohasidagi qonunbuzilishlarini aniqlash, ularning oldini olish, tashqi savdo statistikasidagi nomutanosibliklarni tezkorlik bilan bartaraf etishda muhim rol o`ynaydi.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasining chegara bojxona postlarini zamonaviy texnik-nazorat vositalari, shu jumladan, katta hajmli yuk avtotransport vositalarini skanerlovchi inspeksion-ko`rik majmualari bilan jihozlanishida Xitoyning ishtirokiga yuqori baho berildi.
Hozirda respublikamiz bojxona postlarida faoliyat yuritayotgan 17 ta inspeksion-ko`rik majmualarining 8 tasi Xitoy hukumatining turli grantlari asosida keltirilgan.
Uchrashuvda O`zbekiston milliy avto yuk tashuvchilarning Xitoyga kirib-chiqishlarida qulayliklar tug`dirish, ushbu davlat hududida yuk tashishda yuzaga kelayotgan muammolarni Xalqaro yuk tashish to`g`risidagi Bojxona konvensiyasi talablari asosida bartaraf etish masalalari ham qizg`in muhokama qilindi.
Shuningdek, bojxona organlari uchun kadrlar tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirishda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari ko`rib chiqildi.
Uchrashuvdan so`ng mehmonlar Davlat bojxona qo`mitasining bojxona tarixi muzeyida bo`lishdi. Janob Li Go “Faxriy mehmonlar” kitobiga o`z dastxatini qoldirdi.
Kunning ikkinchi yarmida Xitoy bojxonasi delegasiyasi poytaxtimizdagi “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo`lib, bu erda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun joriy qilingan qulayliklar, bojxona ekspertizasining amalga oshirish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.
Shu erning o`zida mehmonlarga 2019 yilning 1 martidan boshlab to`laqonli ravishda amaliyotga tadbiq qilingan, yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazishda “yashil”, “sariq”, “ko`k” va “qizil” yo`laklarga yo`naltiruvchi avtomatlashtirilgan Xavfni boshqarish tizimi haqida batafsil axborotlar berildi.
Mehmonlar post hududidagi bojxona omborlarida bo`lib, tovarlarni omborga joylashtirish, bojxona rejimlariga yo`naltirish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Shu erning o`zida Jahon bojxona tashkilotining mintaqiy maqomiga ega bo`lgan Milliy kinologiya markazi kinologlari va xizmat itlarining ko`rgazmali chiqishlari mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan “Peng-Sheng” qo`shma korxonasida ham bo`lishdi. Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi eng yirik loyihalaridan biri bo`lgan ushbu korxonaga 2009 yilda asos solingan bo`lib, uning muassisligida Sirdaryo tumanida bir nechta ixtisoslashtirilgan qo`shma korxonalar tashkil etilgan. Ularda 1500 dan ortiq ish o`rinlari yaratilgan.
Mehmonlar loyiha tarkibidagi keramika kafellarini ishlab chiqarish korxonasi va issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu erda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat O`zbekiston ichki bozorlariga, balki eksportga ham yo`naltirilmoqda.
Tashrif doirasida mehmonlar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan ham yaqindan tanishishdi.
Husan Tangriev,
Davlat bojxona qo`mitasi
Axborot xizmati bosh inspektori






