AsosiyJamiyat

Toshkent shahar IIBB: orqaga harakatlanishda ehtiyot bo`ling!

'Toshkent shahar IIBB: orqaga harakatlanishda ehtiyot bo`ling!'ning rasmi

2019 yilning 1 yanvar kunidan 13 maygacha haydovchilar avtomobilda orqaga harakatlanish vaqtlarida piyodalarni urib yuborib, ularga tan shikastlari etishiga sabab bo`lganliklari bilan bog`liq 18 ta yo`l-transport hodisalari Toshkent shahar YHXB xodimlari tomonidan qayd etildi.

Barcha haydovchilarga shuni eslatib qo`ymoqchi edikki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015 yildagi 370-son Qarori bilan belgilangan Yo`l harakati qoidalarining 63 bandiga muvofiq: transport vositasining orqaga harakatlanishida haydovchi harakat xavfsizligini ta`minlashi va yo`l harakatining boshqa ishtirokchilariga xalal bermasligi shart. Zarur bo`lganda haydovchi boshqa shaxslardan yordam so`rashi kerak.

Hurmatli haydovchilar! Orqaga harakatlanishdan oldin avtomobilingiz orqasida hech kim yo`qligiga ishonch hosil qiling. Yodingizda bo`lsin, oynaga qarash yoki boshni orqaga burishning o`zi etarli bo`lmasligi mumkin: yosh bola yoki o`tirib olgan yoshi katta shaxs «ko`r» hududda bo`lishlari mumkin. Shuningdek shuni inobatga olish zarurki, orqaga qaraganingizdan bir soniyadan keyin piyoda o`tib qolishi mumkin.

O`zingiz va atrofdagilarni salomatliklarini asrang! Shuningdek o`zingiz va yaqinlaringizni sud tortishuvlari, moddiy xarajat va ortiqcha asabiylashishdan asrang. Chunki bu kabi holatlarda haydovchilar hattoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin. Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasiga muvofiq transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sabab bo`lsa, u eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloqtuzatish ishlari bilan jazolanadi. Agar o`sha qilmish odamlar o`limiga sabab bo`lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

    Boshqa yangiliklar