O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 9- va 11-sinf bitiruvchilariga beriladigan shahodatnoma va attestatlarning hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari bitiruvchilariga beriladigan sertifikatning yangi namunasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjatlarning namunasi 2019 yil 14 may kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi namunadagi shahodatnoma va attestat hamda sertifikat 11 yillik majburiy umumiy o`rta ta`lim tizimiga o`tilishi munosabati bilan tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko`ra, umumiy o`rta ta`lim tizimida ilk marotaba nodavlat umumiy o`rta ta`lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestatlarni berish nazarda tutildi.
Xalq ta`limi tizimida zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish va bitiruvchilar haqida ma`lumot olishning oson va tezkor mexanizmini yaratish maqsadida maktab bitiruvchilariga shahodatnoma va attestat berishda elektron tizim joriy etiladi.
Elektron tizimga bitiruvchilar haqidagi ma`lumot va baholarni kiritib boriladi. Har bir maktabda bitiruvchilarning ma`lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Maxsus muhofazalangan qog`ozda chop etilgan shahodatnoma va attestatning orqa qismida QR-kod joylashtiriladi va uni skaner qilish orqali bitiruvchi haqida umumiy bazadan ma`lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Shu kunga qadar shahodatnoma va attestatga bitiruvchining familiyasi, ismi, bitirgan maktabi, o`qigan fanlari bo`yicha o`zlashtirgan baholari ruchkada (qo`lda) faqat o`zbek tilida yozilgan bo`lsa, bundan keyin kompyuterda uchta tilda (o`zbek, rus, ingliz) yozilib, maxsus printerda chop etish rejalashtirilmoqda. Bu esa o`z navbatida bitiruvchilar xorijiy ta`lim muassasalariga hujjat topshirishda yanada qulaylik yaratadi.
Shuningdek, qaror bilan fuqarolarning dublikat shahodatnoma va attestat olish bo`yicha murojaatlarini tezlashtirish, ortiqcha ovoragarchilik, byurokratizm va sarson-sargardon bo`lishini oldini olish maqsadida hujjat dublikatini berish tartibi soddalashtirildi.






