Toshkent Fotosuratlar uyida Mahmud Ahmedovning «Musiqa va rang» deb nomlangan ko`rgazmasi ochildi, deya xabar bermoqda O`zA.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda tasviriy san`atning barcha yo`nalishlarini izchil rivojlantirish, ijodkorlar mehnatini har tomonlama rag`batlantirish, ularning samarali mehnat qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Mamlakatimizda tasviriy san`atga oid bebaho merosimizni asrab-avaylash va o`rganish, uni kelgusi avlodlarga etkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoshlar ma`naviyati, didi va tafakkurini yuksaltirish, badiiy ta`limni takomillashtirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir. Bu jarayonda «ustoz – shogird» maktabi an`analari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahmud Ahmedov Respublika ixtisoslashtirilgan san`at maktab-internatida ko`p yillar davomida yigit-qizlarga tasviriy san`at sirlaridan saboq bergan. U mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi ko`rgazmalarning faol ishtirokchisi. Musavvirning mehnati davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, u “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
– Yurtimizda tasviriy san`atning qadimiy va boy an`analarini tiklash, uning mazmun-mohiyatini xalqimizga etkazishga alohida e`tibor qaratilayotir, – deydi rassom. – Bu biz, ijodkorlarning yanada ko`proq izlanishimizga, yangi-yangi asarlar yaratishimizga turtki bo`layotir.
Ko`rgazmaga qo`yilgan kartinalarda yurtimizning maftunkor tabiati, bunyodkor xalqimiz, qishloq manzaralari aks ettirilgan.
27.11.2014 10:51





