Shu kunlarda poytaxtimizda davom etayotgan “Competizione dell'Opera” opera ijrochilarining XIV xalqaro tanlovida final ishtirokchilar aniqlandi.
Bir necha kundan buyon dunyoning turli qit`alaridan kelgan yosh iste`dod egalari italyan tilida mumtoz opera asarlarini ijro etish bo`yicha o`zaro bahslashmoqda. Ularning barchasi Vena (Avstriya), Bonn (Germaniya), Pekin (Xitoy), Seul (Koreya Respublikasi), Buenos-Ayres (Argentina), Sankt-Peterburg (Rossiya) va boshqa shaharlar, shu jumladan, Toshkentda o`tkazilgan mintaqaviy saralash bosqichlarida tanlab olingan.
Tanlovda Osiyo, Afrika, Evropa va Lotin Amerikasidan 60 dan ziyod yosh ijrochi ishtirok etmoqda. Hozircha ikkinchi yarim final bosqichi nihoyasiga etgan bo`lib, unda 30 dan ortiq xalqaro ishtirokchi, jumladan, O`zbekistonning 10 vakili qatnashdi. Ularning deyarli yarmi final bosqichida ishtirok etib, finalda qatnashish imkoniyatiga ega bo`ldi, deb xabar bermoqda O`zA.
Ta`kidlash joiz, 2012 yilda o`tkazilgan mazkur tanlovida O`zbekistondan birinchi bo`lib Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandasi Rahim Mirzakamolov qatnashib, birinchi o`rinni egalladi. 2013 yildan boshlab tashkilotchilar Toshkentni nomzodlarni tinglab ko`rish bo`yicha saralash bosqichlari o`tkaziladigan shaharlar ro`yxatiga kiritdi. Joriy yilda Toshkent Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib o`n to`rtinchi marta o`tkazilayotgan «Competizione dell'Opera» tanloviga mezbonlik qildi.





