AsosiyShou-biznes

«Competizione dell'Opera» opera ijrochilari xalqaro tanlovining gala-konserti bo`lib o`tdi

«O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida «Competizione dell'Opera» opera ijrochilari xalqaro tanlovining gala-konserti bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
Bu yilgi nufuzli xalqaro tanlov yuksak saviyada tashkil etilgani va unda ko`plab iqtidorli yosh opera ijrochilari qatnashgani bilan ajralib turdi. Xalqaro hay`at a`zolari san`at forumining yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumanida shuni alohida ta`kidladi. Ekspertlar o`zbekistonlik yosh ijrochilar mahoratiga yuksak baho berdi.
Yurtimiz yoshlari «Competizione dell’Opera» tanlovida uch yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. 2012 yilda o`tkazilgan anjumanda mamlakatimizdan birinchi bo`lib qatnashgan va tanlovning kashfiyoti sifatida e`tirof etilgan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandasi Rahim Mirzakamolov birinchi o`ringa sazovor bo`lgandi. 2013 yilda esa yana bir yurtdoshimiz – O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ramiz Usmonov tanlovda ikkinchi o`rinni egalladi.
Shuni qayd etish joizki, 2013 yildan boshlab tanlovning Markaziy Osiyo mintaqaviy saralash eshituvlari Toshkentda o`tkazib kelinmoqda.
Bu yil o`n to`rtinchi marta tashkil etilgan ushbu nufuzli tanlov mintaqamizda birinchi bo`lib O`zbekistonda o`tkazildi. Tadbir O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Avstriyadagi «Competizione dell'Opera» xalqaro tanlovi assosiasiyasi, «O`zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman yarim finalining birinchi turida Osiyo, Afrika, Evropa va Lotin Amerikasidan 60 dan ziyod ijrochi ishtirok etdi. Ularning 30 nafardan ortig`i, jumladan, 10 nafar yurtdoshimiz ikkinchi turga o`tdi. Finalda esa eng yaxshi yosh italyan opera ijrochisi unvoniga da`vogarlik qilgan 20 san`atkorning besh nafarini yurtimiz vakillari tashkil qildi.
«Competizione dell'Opera» tanlovi yakunlariga ko`ra, birinchi o`ringa yurtdoshimiz, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri xonandasi Barno Ismatullaeva munosib deb topildi. Ikkinchi o`ringa Belarus opera ijrochisi Pavel Pyatro sazovor bo`ldi. Uchinchi o`rinni rossiyalik Mariya Bayankina va o`zbekistonlik Jabroil Idrisov egalladi.
Tanlov doirasida O`zbekiston davlat konservatoriyasi, O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti talabalari, V.Uspenskiy hamda R.Glier nomidagi musiqa liseylari o`quvchilari uchun mahorat saboqlari o`tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda taniqli dirijyor va bastakor, Bellini xalqaro festivali bosh direktori Maurisio Champi (Italiya), N.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasi professori Grayr Xenedanyan (Rossiya), U.Gajibeyli nomidagi Boku musiqa akademiyasi rektori, «Gabala Music» xalqaro mumtoz musiqa festivalining badiiy rahbari Farhod Badalbeyli italyan operasini ijro etish usullarini takomillashtirish sirlari bilan o`rtoqlashdi.
Toshkentda o`tgan «Competizione dell'Opera» tanlovi mamlakatimiz madaniy hayotida yorqin voqea bo`ldi. Mazkur madaniyat va san`at bayrami «O`zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida gala-konsert bilan nihoyasiga etdi.

    Boshqa yangiliklar