Toshkentda 21 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi bo`lib o`tdi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
– O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugungi yalpi majlisi barqaror milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida, jamiyatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarida keng ko`lamli va shiddatli demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan mas`uliyatli bir davrda bo`lib o`tmoqda, – dedi davlat rahbari.
Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar xalqimizning fidokorona mehnati tufayli izchil amalga oshirilayotgani, milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Prezident xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yanada yaxshilash, O`zbekistonning xalqaro maydondagi obro`-e`tiborini yuksaltirish bilan bog`liq vazifalarni bajarishda Senatning roli va ta`sirini oshirish zarurligini ta`kidladi.
Milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan qonunlar ishlab chiqilishida senatorlarning faolligini oshirish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yo`lga qo`yish, Senatning xalqaro yo`nalishdagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga e`tibor qaratildi.
– Biz Senat deganda, birinchi navbatda milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi bo`lgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz. Senator – bu xalqning yuksak ishonchini qozongan vakil. Xalqimiz oldida hammamiz mas`ul va javobgarmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlat rahbari o`z nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sosial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida urg`u berdi.
– Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan ko`ra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo`lib o`tadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik ko`p saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf ko`radi, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi qo`mita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo`yicha qo`mita tuzishni taklif etdi.
Ma`lumki, 2015 yildan buyon Senat Raisi bo`lib ishlagan Nig`matilla Yo`ldoshev O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlangani munosabati bilan lavozimidan muddatidan oldin ozod etilgan edi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 86-moddasiga asosan, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari – O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Tanzila Norboeva nomzodini taklif etdi.
Yuqori palata a`zolari nomzod to`g`risida o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar. So`zga chiqqanlar Tanzila Norboeva bilim va tajribasi, vatanparvarligi, jamiyatdagi obro`-e`tibori, insoniy fazilatlari bilan ushbu lavozimga munosibligi, Senat faoliyatini bugungi kun talablari asosida takomillashtirish bo`yicha Prezident nutqida bayon etilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qodir ekanini ta`kidladilar.
Senatorlar tomonidan yashirin ovoz berish yo`li bilan Senat Raisi lavozimiga Tanzila Norboeva saylandi.
Tanaffusdan so`ng Oliy Majlis yuqori palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Majlisda ko`rilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.