Yaponiyaning Osaka shahrida «Katta yigirmatalik» davlatlarining sammiti rasman o`z ishini boshladi, deb xabar berdi NTV nashri.
Ikki kunlik sammit doirasida xalqaro ahamiyatga molik qator muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama etiladi. Jahon savdo tashkilotini isloh qilish, Xitoy va AQSh o`rtasidagi savdo urushi, Eron atrofidagi xalqaro tanglik muhokamalar markazida bo`lishi kutilmoqda. Sammitni Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe ochib berdi. Savdo – sotiq masalasida taranglik va geosiyosiy xavf- xatarlar ortib bormoqda. Mazkur masalada «Katta yigirmatalik» zarur choralarni ko`rishi lozim.
"O`sishga erishish uchun barcha mexanizmlardan foydalanishimiz, bu bizning umumiy maqsadimizdir", deya ta`kidladi, Abe. Sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Jumladan AQSh va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi bir yarim soatdan ortiq vaqt davom etgan. Xabar qilinishicha, siyosatchilar Eron, Ukraina, Suriya, Venesuela masalalarini muhokama qilishgan. Shuningdek, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, Janubiy Koreya prezidenti bilan muzokaralar olib borgan.






