Jinoiy sheriklar o`zlarining qabih ishlarini Toshkent shahridagi “Oloy” bozori qarshisidagi yo`ldan boshlagan edi.
2014 yilning aprel oyida bozor oldidagi ko`chada taksi to`xtatgan ikki nafar kishining oldiga “Lasetti” avtomashinasi kelib to`xtaydi. Haydovchi bilan go`yoki yo`lovchi sifatida gaplashgan “yo`lovchi”lar taksichiga Qibray tumanidagi “May” qishlog`iga olib borib qo`yishni so`rab, xizmat haqiga esa 20 ming so`m va`da qiladi. Shundan so`ng, taksichi aytilgan manzil tomon harakatlanadi, manzilga yaqinlashib qolganda “mijoz”lar o`zlariga qulay, hech kim bo`lmagan joyda haydovchiga to`xtatishni buyuradi. Avtomashinani yo`l chetiga to`xtatgan haydovchi kutilmagan hamladan nima qilishini bilmay qoladi.
Zo`ravonlar uni do`pposlab, mashinadan uloqtirib, o`zlari “Lasetti”ni shahar tomon buradi va tanishiga tegishli bo`lgan garajga olib keladi. U erda avtomashina egasiga tegishli bo`lgan 2500 AQSh dollari, 2 dona uyali aloqa vositasi, avtomashinaning hujjatlari va ehtiyot qismlarini o`zlashtirib, mashinani Yunusobod tuman “Laylakobod” ko`chasiga olib borib tashlaydi. Birinchi ishini muvaffaqiyatli tugatgan “ishbilarmon”lar mashinadan echib olingan ehtiyot qismlarni bozorda sotib, cho`ntagini qappaytiradi.
Qisqa muddatda jinoyatchilar ikkinchi marta “Oloy” bozori qarshisidagi yo`lga borib taksi to`xtatishadi. Bu gal ularning oldiga “Neksiya” kelib to`xtaydi. Haydovchiga eski manzil, ya`ni “May” qishlog`iga olib borib qo`yish tushuntirilib, yo`l haqini esa ikki hissa to`lashini aytadi. Shundan so`ng mashina “May” qishlog`i tomon harakatlanadi. Manzilga etib borgan jinoyatchilar “Neksiya” egasini ham oldingi “Lasetti” egasining ahvoliga solishadi. Har galgidek mashinaning kerakli qismlari o`zlashtiriladi hamda pullar ham e`tibordan chetda qoldirilmadi.
Biroq jinoyatchilarning qilmishlari uzoqqa cho`zilmadi. Unga Qibray tuman ichki ishlar bo`limi tomonidan nuqta qo`yildi. Qora kursiga olib kelingan jinoyatchilarga esa sud tomonidan tegishli hukm o`qildi. Bu haqda uz24.uz nashri “Inson va qonun” gazetasi ma`lumotlariga tayanib xabar beradi.