AsosiyJinoyat
1733

Samarqand va Namanganda o`qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlar o`rganilmoqda

'Samarqand va Namanganda o`qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlar o`rganilmoqda'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi Samarqand va Namangan viloyatlarida umumta`lim maktablari o`qituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarlarni o`rganmoqda.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur xabarlarda keltirib o`tilgan holatlarni o`rganib chiqadi va O`zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yo`l qo`yganlarga chora ko`radi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli qarorining 16-bandiga ko`ra xalq ta`limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko`kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo`jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat`iyan ta`qiqlangan.

Mazkur bandga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o`z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o`tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortishni ta`minlash topshirilgan.

Shuningdek, Xalq ta`limi vazirligi bu kabi holatlarning oldini olish va xalq ta`limi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qiluvchi virtual inspektorni ishga tushirgan. Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganda yoki turli to`lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar