Qo`qonda bo`lib o`tayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga O`zbekiston va dunyoning turli burchaklaridan hunarmandlar eng sara mahsulotlari bilan qatnashdi.
Rishtonlik kulol Ravshanbek Tojiddinov festivalga og`irligi 80 kilogramm bo`lgan ulkan sopol lagan bilan tashrif buyurdi. Diametri 1,2 metr bo`lgan laganga bir paytning o`zida 40 kilogramm osh sig`dirish mumkin. Laganni tayyorlash uchun kulol uch yil vaqt sarflagan. Unga 100 kilogramm maxsus loy ishlatilgan va qorong`i joyda bir yarim yil mobaynida tabiiy usulda quritilgan. Lagan yuzasiga naqsh chizib, uni quritish uchun yana 6 oy vaqt ketgan.
Bag`dodlik hunarmand Baxtiyor Shermatov uch oy davomida uzunligi 4,7 metr, balandligi 3,5 metr keladigan elkanli kema yasadi. «Orzu» deb nomlangan bu kema Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun maxsus tayyorlangan. Xorijiy sayyohlardan biri uni 5 ming AQSh dollariga sotib olish istagini bildirdi, lekin hunarmand uni festival yakunlangunicha sotmasligini aytdi.
Toshkent viloyati hududidagi ko`rgazmalar orasidan joy olgan, yog`ochdan tayyorlangan qirq quloqli qozon atrofi ham ishtirokchilar bilan gavjum bo`ldi. Usta Shavkat Yusupov tomonidan yasalgan bu qozon Amir Temur davridagi qirq quloqli ulkan qozonning kichikroq ko`rinishini eslatadi.
Festivalda surxondaryolik kashtado`z Nilufar Jo`raeva tomonidan tayyorlangan eni 21 metr, bo`yi 5,5 metr bo`lgan dunyodagi eng katta milliy so`zana ham namoyish etildi. Mazkur so`zana Nilufar Jo`raeva hamda uning 20 nafar shogirdi tomonidan 6 oy davomida yaratilgan. So`zanani surxoncha serjilo naqshlar va yorqin ranglar bilan bezash uchun 16 kilogrammdan ortiq tabiiy usulda bo`yalgan kalava ip sarflangan.