“O`zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati "BBC Broadcasting House" kompaniyasi vakillari bilan Londonda uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuv doirasida so`nggi 3 yil ichida Markaziy Osiyoda yuz bergan tarixiy o`zgarishlar, jumladan, O`zbekiston va Afg`oniston o`rtasidagi munosabatlarning qayta tiklanishi va bu o`zgarishlar mintaqa hayotiga qanday ta`sir ko`rsatayotgani hiqida hikoya qiladigan bir hujjatli filmlarni suratga olish bo`yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tarixiy va madaniyat yo`nalishda ham bir qator filmlar yaratishga kelishib olindi. Bu ro`yxatda O`rta Osiyoning birinchi fotosuratchisi va o`zbek kinosining asoschisi Xudoybergan Devonov haqidagi film etakchilik qiladi.
Kompaniyaning AQSh va Evropa davlatlarida biznesni rivojlantirish bo`yicha rahbari Frederik Durman uchrashuv chog`ida "Bi-bi-si O`zbekiston" bilan jadal va samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan mamnun ekanligini, yangi loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat O`zbekistonda, balki butun dunyoda muxlislar auditoriyasini kengaytirishini ta`kidladi.
"Kattalangar Qur`oni: Afsona va haqiqatlar" loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Bi-bi-si va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi bo`ldi. Ushbu film orqali biz jahon, ayniqsa Yaqin Sharq auditoriyasiga O`zbekistonning boy madaniy merosi, shuningdek, ma`rifatparvar islom g`oyalari haqida ma`lumot berishga harakat qildik", dedi Yaqin Sharq mintaqasi bo`yicha jurnalistika bo`limi boshlig`i Salim Patka uchrashuv davomida.
O`z navbatida, “O`zbekkino” milliy agentligi bosh direktori F. Abduxoliqov birgalikda nafaqat hujjatli filmlar yaratish, balki O`zbekistondagi yosh hujjatli kino ustalarining ijodiy saviyasini oshirishga qaratilgan o`quv seminarlarini muntazam ravishda o`tkazish muhimligini ta`kidladi.
“Kino haqida so`z borarkan, hujjatli kinodek dunyoga mashhur janrni unutmaslik kerak. Bugungi kunda keng auditoriyani jalb qila oladigan hujjatli filmlar yaratishda o`ziga xos usullar, ijodiy yondashuvlar mavjud. Umid qilamizki, ushbu loyiha dunyoga yangi O`zbekiston va uning buyuk tarixi haqidagi yangi filmlarni taqdim etish barobarida, O`zbekiston hujjatli kinosi yosh vakillarining yanada kamol topishi, tajriba orttirishi, yangi ko`nikmalar hosil qilishida muhim o`rin tutadi” deydi F.Abduxoliqov.
Shuningdek, BBC o`zbek xizmati O`zbekiston madaniyati va san`ati haqida 10 daqiqalik haftalik dasturlar berib borishini ma`lum qildi.