Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (TSTU) rahbari Aleksandr Dadaev hamkorlik bo`yicha turkman-qirg`iz hukumatlararo komissiyasining majlisida Qirg`izistonga murojaat qilib, o`zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda Qirg`izistondagi mahalliy OAV ma`lum qildi.
Bishkekda 16 sentyabr kuni bo`lib o`tgan majlisda chiqish qilgan Dadaev hisob-kitoblarni turkman manati va qirg`iz somida amalga oshirishni taklif qildi. TSTU rahbarining ta`kidlashicha, uning mamlakati bozor munosabatlariga o`tmoqda.
“Agar xususiy biznes 2008 yilga qadar 1% bo`lgan bo`lsa, hozir 64%ga etdi. Bu bizning prezidentimiz olib borayotgan siyosat tufaylidir”, deya bayonot berdi Dadaev.
Milliy valyuta bo`lmish som erkin konvertasiya qilinadigan Qirg`izistondan farqli ravishda Turkmanistonda milliy valyuta bo`lmish manatning kursi davlat tomonidan muvofiqlashtiriladi. Turkmanistonda AQSh dollarining rasmiy kursi 2015 yildan beri 3,5 manat bo`lib kelmoqda.