Sankt-Peterburgning Krasnogvardeysk sudi milliy adovat negizida O`zbekiston fuqarosini o`ldirmoqchi bo`lganlikda gumon qilingan Roman Kulev va Vladislav Smolikovni hibsga oldi. Bu haqda «TASS» xabar berdi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchilar asli moskvaliklar bo`lib, Kulev Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining 6-bosqichida o`qiydi, Smolikov esa ishsiz.
16 sentyabr, dushanba kuni Kulev va Smolikov 1987 yilda tug`ilgan O`zbekiston fuqarosiga tajovuz qilgan. Smolikov jabrlanuvchining yuziga ko`zni yoshlatuvchi gaz purkaganlikda va ko`kragiga kamida ikki marta pichoq bilan zarba berganlikda ayblanmoqda. O`zbekistonlik tirik qolib, shifoxonaga etkazilgan.
Gumonlanuvchilar 17 sentyabr, seshanba kuni qo`lga olingan. Ta`kidlanishicha, ular ayblarini tan olmayapti va ko`rsatmalar berishdan bosh tortmoqda.
Rossiya tergov qo`mitasida ma`lum qilinishicha, gumonlanuvchilar millatchi qarashlarga ega bo`lib, ularning irqchilik va milliy adovat negizida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.