1

Britaniyalik olimlar mashhur Damashq po`latining vatani O`zbekiston ekanini aytishmoqda

Madaniyat 20.09.2019, 17:52
Britaniyalik olimlar mashhur Damashq po`latining vatani O`zbekiston ekanini aytishmoqda

Buyuk Britaniyaning London shahridagi mashhur Travellers Club klubida “Yangi O`zbekiston: bebaho madaniy tashabbuslar” mavzuida media-ivent o`tkazildi. Unda O`zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan bir guruh britaniyalik olimlar va mutaxassislar taklif etildi.

Tadbirda bir qator qiziqarli ma`ruzalar taqdim qilindi. Xususan, London universiteti kolleji Arxeologiya instituti ekspertlar guruhi o`z taqdimotida Sharqda dovrug` taratgan Damashq po`lati bugungi O`zbekiston hududidan qazib olingan temir rudalaridan ishlanganini ma`lum qilishdi. Doktor Milyana Radzyavovich boshchiligidagi olimlar guruhi bir paytlar O`zbekiston hududidan konlardan qazib olingan ruda namunalari, qimmatli tog` jinslari va xomashyo mahsulotlarini tekshiruvlan o`tkazib ana shunday qarorga kelishdi.

Shuningdek, Farg`ona vodiysida Axsikent hududidan tigel po`latini qazib olish va ishlab chiqarish ko`lamini o`rganish uchun keng qamrovli tadqiqotlar yo`naltirilgan.

Milyana Radzyavovichning aytishicha, IX asrdan boshlab, Markaziy Osiyoda, xususan, bugungi O`zbekiston, Turkmaniston va Hindiston hududlarida bir qator po`latni qayta ishlash markazlari faoliyat ko`rsatgan.

“Muttasil savdo aloqalari va mahsulot ayirboshlash orqali ilk islom madaniyati davrida Markaziy Osiyoda ishlangan po`lat Damashqqacha kirib borgan. Ushbu xomashyodan damashqlik ustalar dunyoga mashhur qilich va shamshirlarni yasashgan” deydi Radzyavovich.

O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu tadqiqotning ahamiyatini alohida ta`kidladi:

«Britaniyalik olimlarning ushbu izlanishlari biz uchun g`oyat muhim. Hozir biz o`ta shov-shuvli kashfiyot ostonasida turibmiz. Bu kashfiyot nafaqat mashhur Damashq qilichlari haqidagi an`anaviy tasavvurlarni o`zgartiradi, balki O`zbekiston buyuk ipak yo`lida qanchalik muhim rol o`ynaganini yana bir bor isbot etadi” – deya qayd etdi F.Abduxoliqov.

Eslatib o`tamiz, ushbu tadbir O`zbekiston hukumati, mamlakatimizning Buyuk Britaniya va Shimoli Irlandiyadagi elchixonasi ko`magida, O`zbekiston madaniy merosini asrash, o`rganish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati, O`zEOAVMA, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va neft xizmatlarini ko`rsatuvchi xalqaro «Eriell Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda o`tkazildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1