Afg`onistonda 28 sentyabr kuni, mahalliy vaqt bilan soat 7:00da prezidentlik saylovlari boshlandi.
Telekanal xabariga ko`ra, mamlakatda 9,6 million saylovchi ro`yxatga olingan. Afg`onistonning 34 viloyatida ochilishi kerak bo`lgan 5 ming 373 ta saylov uchastkasidan xavfsizlikka tahdidlar sabab 445 o`z faoliyatini tashkil etmagan.
Ovoz berish jarayoni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 ga qadar davom etadi.
Afg`onistonda prezidentlikka 18 kishi o`z nomzodini ilgari surgan. Ular orasida amaldagi Prezident Ashraf G`ani va Bosh vazir Abdulla Abdullalar ham bor.
Tolo News ning qayd etishicha, saylovlarda faqatgina biometrik tizim orqali tasdiqlangan ovozlargina inobatga olinadi.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi saylovlarda tartibsizliklar kelib chiqishining oldini olish uchun 72 mingdan ziyod mudofaa va xavfsizlik kuchlari xodimlari jalb qilinganini, zarurat tug`ilganda 20-30 ming atrofidagi harbiylar ham ko`makka kelishga tayyorligini ma`lum qilgan.
Afg`oniston Bosh vaziri va prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla “Tolibon“ harakatini saylov kuni zo`ravonlikdan voz kechishga chaqirgan. Davlatning barcha tuzilma va ular xizmatchilari esa shaffoflik va haqqoniylikni ta`minlash uchun saylov jarayonlariga aralashmasligini bildirgan.