Qozog`iston O`zbekistonda talab kuchayib ketgani sababli sigirlarni mamlakatdan olib chiqishni chekladi va chorva eksportini to`liq taqiqlashni ko`rib chiqmoqda.
Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vazirligi chorva eksportiga taqiq joriy etishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi «Kazinform» agentligi.
Qozog`iston parlamenti Senatining Agrar masalalar, tabiatdan foydalanish va qishloq hududlarini rivojlantirish masalalari bo`yicha qo`mitasining kengaytirilgan majlisida agrosanoat majmuasini nazorat qilish masalalari bo`yicha bir qator qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritish to`g`risidagi qonun loyihasi ko`rib chiqildi. Unda senator Ali Bektaev mamlakat go`shtga qaraganda chorva mollarini ko`proq eksport qilayotganini xabar qildi.
«Bu ham yirik chorva, ham qo`ylar. Joriy yilning o`zida chorva eksporti ikki barobarga o`sdi. Ushbu yo`nalishdagi eksport siyosatini o`zgartirish zarur», — dedi u.
Qozog`iston qishloq xo`jaligi vaziri Saparxan Omarov mamlakatda sigirlarni olib chiqishga taqiq joriy etilganini ma`lum qildi.
«Respublika bo`yicha 78 ta chorvachilik majmualari mavjud bo`lib, ular orqali asosan O`zbekistonga chorvalar eksportga yo`naltiriladi. Biz ulardan 50 tasiga xorijga chorva sotishni taqiqlashni rejalashtirmoqdamiz, chunki hozirda oqimni kuzata olmayapmiz, keyin esa vaziyatni nazoratda ushlab turamiz», — dedi u.
Saparxan Omarov ayni paytda go`sht kombinatlari bilan ularga chora etkazib berishga subsidiyalar joriy etish bo`yicha muzokaralar olib borilayotganini ta`kidladi.
«Shu kabi usullar bilan ushbu masalani hal etishni xohlaymiz. Bugungi kunda mamlakatda 175 ta qayta ishlovchi korxona faoliyat ko`rsatayotgan bo`lsa, ular bor-yo`g`i 38−40 foiz quvvatda ishlamoqda», — deb tushuntirdi vazir.
Javob tariqasida deputatlar chorva eksportiga to`liq taqiq qo`yishni taklif qilishdi, deya xabar berdi «Kazinform».
Avvalroq yanvar-iyun oylarida O`zbekiston 59,3 mln dollar evaziga 72,2 ming bosh yirik shoxli chorva eksport qilgani, uning 63,6 ming boshi (umumiy eksportning 84,5 foizi) Qozog`istondan ekani xabar qilingan edi.
Yarim yil davomida 13,1 mln dollarlik 159,2 ming bosh jonli qo`y va echki ham import qilingan. Bunda import hajmining 96,6 foizi — 153,9 ming bosh qo`y va echki 12,2 mln dollar evaziga Qozog`istondan olib kelingan.
Iyun oyi oxirida Qozog`istonda olti oy muddatga jonli chorvani olib chiqishni taqiqlash to`g`risidagi buyruq loyihasi ishlab chiqilayogani haqida ma`lum bo`lgan edi. Bunga O`zbekistonda fermerchilikni rivojlantirish, uning doirasida («Har bir oila — tadbirkor» dasturi) aholiga boshqa davlatlardan chorva sotib olishga imtiyozli kreditlar ajratilayotgani haqidagi xabarlar sabab bo`ldi. Fermerlar jadallik bilan Qozog`istonda bozor narxidan 5−10 foiz qimmatiga chorva sotib olishni boshladi.
Agarda o`tgan yili Qozog`istondan O`zbekistonga 50 ming boshga yaqin yirik shoxli jonli chorva sotib olingan bo`lsa, joriy yilning olti oyida bu ko`rsatkich 63,5 ming boshga etgan. Mazkur holat Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vazirligi tomonidan qaltis vaziyat sifatida baholandi.