O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegasiya 2019 yil 30 sentyabr kuni Fransiya Respublikasining sobiq Prezidenti Jak Shirakning dafn marosimida ishtirok etadi. Bu haqida vazirlik axborot xizmati ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, Jak Shirak 26 sentyabr kuni 86 yoshida vafot etdi.
Jak Shirak 1932 yilning 29 noyabrida Parijda tug`ilgan. Karno va Lyudovik Buyuk liseyida u rus tilini o`rgangan, o`smir yoshida Pushkinning “Evgeniy Onegin” poemasini fransuz tiliga o`girgan.
U 1995—2007 yillarda, ikki muddat Fransiya prezidenti bo`lgan. Bungacha ikki marta — 1974—1976 va 1986—1988 yillarda mamlakat bosh vaziri bo`lgan. Ikkinchi bosh vazirlik muddatini Parij meri lavozimi bilan birga o`tkazgan. Jak Shirak Fransiya poytaxtini 18 yil davomida boshqargan.
U Ikkinchi Jahon urushida yahudiylarning deportasiya qilinishiga Fransiyaning daxldorligini birinchi bo`lib tan olgani, shuningdek, AQShning Iroqqa bostirib kirishini qo`llab-quvvatlashdan bosh tortgani bilan tanilgandi. Shuningdek, Shirak davrida Fransiya prezidentining vakolat muddati etti yildan besh yilga kamaytirilgan.
Shirak 2005 yilda insultni boshdan kechirgan, so`nggi yillarda uning sog`ligi yomonlashib borayotgani haqida xabarlar tarqalayotgandi.
Jak Shirak O`zbekiston—Fransiya munosabatlarining mustahkamlanishiga ham katta hissa qo`shganini alohida qayd etish lozim. 1996 yil 24 aprel kuni Parijda YuNESKO tomonidan tashkil qilingan Amir Temurning 660 yilligiga bag`ishlangan ko`rgazmada shaxsan Jak Shirakning o`zi ishtirok etgan. Ayni shu yig`inda Amir Temurning 1402 yilda Fransiya qiroli Sharl Oltinchi nomiga yo`llagan maktubini O`zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovg`a qilgan edi.