AsosiySiyosat

Narbaeva hamda Matvienko Senatda uchrashdi (Foto)

'Narbaeva hamda Matvienko Senatda uchrashdi (Foto)'ning rasmi

Bugun Senatda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaevaning Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat bermoqda. Xususan, o`tgan ikki yilda O`zbekiston-Rossiya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi.

Keyingi vaqtda O`zbekiston va Rossiya parlamentlararo muloqoti faollashgani ta`kidlandi. Faqatgina o`tgan yilda parlament darajasida 10 dan ortiq turli o`zaro tashrif amalga oshirildi.

Uchrashuvda Senat Raisi T.Narbaeva O`zbekiston va Rossiya parlamentlari o`rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanayoganini ta`kidladi.

2017 va 2018 yillarda davlat rahbarlari ishtirokidagi sammitlar bunga misol.

Prezidentlarimiz tashabbusi bilan O`zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlanib bormoqda. Ikki davlatni doimo do`stlik rishtalari bog`lab kelgan. So`nggi yillardagi O`zbekiston-Rossiya hamkorlik aloqalari boshqa mamlakatlar, ularning rahbarlari uchun namuna bo`lib xizmat qiladi. Biz bugun mintaqaviy hamkorlikka urg`u bergan holda, parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga kelishib oldik, – dedi Tanzila Norboeva.

V.Matvienko Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putinning tashriflari barcha darajalarda va yo`nalishlarda o`zaro teng hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirishga kuchli turtki berganligini ta`kidladi.

O`zbekiston Rossiyaning eng yaqin strategik hamkori, ittifoqdoshi. O`tgan uch yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi ortdi, savdo-iqtisodiy hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarildi. Rossiyadan O`zbekistonga kiritilayotgan investisiyalar hajmi bugungi kunda yuqori o`ringa chiqdi. AES qurilishi bo`yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Hamkorlik teng huquqli asosda, o`zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, o`zaro hurmat ruhida yo`lga qo`yilgan. Davlatlarimiz hamkorligida parlamentlararo munosabatlar muhim o`rin tutadi. Oliy Majlis Parlamentlararo assambleya oilasiga qaytgani quvonarli holdir, – dedi Valentina Matvienko.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashining Tahliliy huquqiy boshqarmasi o`rtasida hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi.

Tashrif davom etmoqda.

Fotomuxbirimiz Omil Xakimov ushbu jarayondan fotoreportaj tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar