O`zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko boshchiligidagi delegasiya 2019 yil 3 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva hamrohligida Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar bermoqda.
Delegasiya a`zolari Xo`ja Bahouddin Naqshbandiy majmuasiga tashrif buyurdi. Ushbu maskan musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi ekanligi qayd etildi. Ma`lumki, Naqshbandiy buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning ma`naviy ustozi bo`lgan. U odamlarni kamtarlikka chaqirgan.

Shundan so`ng delegasiya a`zolari ko`p asrli tarixga ega jahonga mashhur me`moriy yodgorliklarni o`zida mujassamlashtirgan Buxoroning tarixiy markaziga tashrif buyurdi. Buxoroning ushbu qismi 1993 yil YuNESKO Umumjahon merosi ob`ektlari ro`yxatiga kiritilgan. Bu erda katta hovuz atrofiga Nodir Devonbegi madrasasi va xonoqosi qurilgan, shuningdek yonida Ko`kaldosh madrasasi qad ko`targan.
Martabali mehmon betakror me`moriy tuzilishi hamda o`zgacha maftunkorligi bilan ajralib turadigan Poyi Kalon majmuasiga tashrif buyurdi. Ta`kidlanganidek, mustaqillik yillarida O`zbekistonda milliy madaniy va ma`naviy merosimizni, tarixiy obidalarimizni tiklash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mazkur majmua Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan to`liq rekonstruksiya qilindi. Masjidi Kalon, Minorai Kalon va Mir Arab madrasalari kabi me`moriy yodgorliklardan iborat me`moriy ansambl mehmonlarda katta taassurot uyg`otdi.
Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko qadimiy va navqiron Buxoro shahriga tashrifidan mamnunligini bildirdi. Shaharning tarixiy yodgorliklari o`zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy me`moriy san`ati yorqin namunasi ekanligi ta`kidlandi.
Tashrif chog`ida Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

Jumladan, martabali mehmon tashrif natijalaridan qoniqqanligini, O`zbekiston parlamenti a`zolari bilan muzokaralar o`tkazilganligini, kelishuvlarga erishilganligini qayd etdi.
“So`nggi uch yilda O`zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o`zgarishlar menda katta taassurot qoldirdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida ochiq, demokratik davlat barpo etilmoqda, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan jiddiy islohotlar olib borilmoqda”, – dedi martabali mehmon.
Shu kunning o`zida Rossiya Federasiyasi delegasiyasi Moskva shahriga jo`nab ketdi.






