O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o`zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Qaror imzoladi.
Qaror jamoatchilik fikrini tahlil etish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta`minlash asosida boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko`tarish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq qabul qilingan.
Qarorga muvofiq ishlab chiquvchi-tashkilotlar tomonidan O`zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtiriladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (ko`rib chiqish uchun) kiritiladi, bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko`rib chiqish natijalari ko`rsatilishi majburiydir.
Qarorga ko`ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytirilsin.
2020 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro`yxatdan o`tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilansin.






