O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi. Ahmedov o`z so`zida o`tmishdagi xatolardan to`g`ri xulosa chiqarish kerakligini ta`kidladi.
Bilasiz, milliy terma jamoamizning jahon chempionati saralashidagi omadsiz startidan so`ng argentinalik mutaxassis Ektor Kuperga chiqish eshiklari ko`rsatildi. Yana bir necha kundan so`ng terma jamoamizni jiddiy uchrashuvlar kutib turibdi.
«Biz butun saralash bosqichida qo`limizdan kelgancha harakat qilishimiz va o`z ko`rsatkichlarimizni yaxshilab olishimiz kerak. Agar biz Jahon chempionatiga chiqishni istasak o`tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz lozim bo`ladi.
Biz jahon chempionatida ishtirok etishga munosib ekanimizni isbotlay oldik. So`nggi mundialning saralash bosqichlarida juda yaxshi o`ynadik. O`shanda Rossiyadagi jahon chempionatiga borishdan juda umidvor edik, biroq so`nggi bahslardagi omadsizliklar tufayli bu umidimiz puchga aylandi. Bu — futbol», — deya o`z so`zlarini yakunladi Ahmedov.