1

O`zbekiston - Iroq o`yinida hisob ochilmadi

Sport 29.12.2014, 09:28
O`zbekiston - Iroq o`yinida hisob ochilmadi

O`zbekiston milliy terma jamoasi Iroqqa qarshi o`tkazgan ikkinchi o`rtoqlik o`yinida durang natija bilan cheklanishga majbur bo`ldi. O`yinda hisob ochilmadi.
Beshinchi daqiqada uchrashuvdagi dastlabki xavfli vaziyat ham yaratildi, ammo Odil Ahmedov tomonidan yo`llangan ajoyib zarbani Iroq darvozaboni qaytarishga erishdi.
Hisobni 20-daqiqada Server Jeparov ochishi mumkin edi. Shuhrat Muhammadiev raqib jarima maydonchasi ichida yiqitilgach, hakam penalti belgiladi. Avvaliga Jeparov gol kiritgan edi. Ammo hakam penaltini boshqatdan tepishga ko`rsatma berdi. Ikkinchi safargi zarbada Jeparovning omadi kelmadi.
Foydalanilmagan penaltidan so`ng ham O`zbekiston milliy terma jamoasi o`yinda ustunlik qilishda davom etdi. Iroq esa asosiy e`tiborni himoyaga qaratdi. Raqib bir necha bor o`yinni maydon markaziga ko`chirishga urinib ko`rdi, ammo Mirjalol Qosimov shogirdlari yaxshi tashkil etilgan pressing evaziga bunga yo`l qo`ymadilar. Faqat birinchi bo`lim oxirlariga qadar Iroq O`zbekston terma jamoasi xurujini bo`shashtirishga muvaffaq bo`ldi. Hatto 32 daqiqada Ignatiy Nesterov darvozasi tomon uzoq masofadan kuchli zarba ham berildi. Ammo zarba to`g`ri darvozabonga yo`llandi va tajribali Nesterov to`pni mushtlari bilan darvozadan uzoqlashtirdi.
Oradan ikki daqiqa o`tib Sardor Rashidov hisobni ochishi mumkin edi. O`zbekiston terma jamoasi tezkor qarshi hujum tashkil qildi va Sardor raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketgandi. Ammo yakuniy zarbani berishda unga aniqlik etishmadi.
Ikkinchi bo`lim boshida Iroq bosimni oshirishga urinib ko`rdi. Ammo bundan hech qanday naf chiqara olgani yo`q. O`z navbatida O`zbekiston milliy terma jamoasining urinishlari ham samara keltirmadi. Shu tariqa uchrashuv 0:0 hisobida yakuniga etdi.
O`rtoqlik uchrashuvi
O`zbekiston - Iroq - 0:0
O`zbekiston: Ignatiy Nesterov, Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Shavkat Mullajonov, Shuhrat Muhammadiev, Sardor Rashidov, Aziz Haydarov, Odil Ahmedov, Timur Kapadze, Server Jeparov, Vohid Shodiev.
Iroq: Muhammad Hamid, Ahmad Ibrohim, Ali Bahjat, Ali Fayoz, Homadi Ahmad, Humam Tariq, Durgam Ismoil, Saad Abdul Amir, Volid Salim, Ali Xusni, Yunus Mahmud.
Amalga oshirilmagan penalti: S.Jeparov, 19 (Darvozabon)

Manba: www.uff.uz   

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1