AsosiySalomatlik

Ertalabki bosh og`rig`ining sababi nima?

'Ertalabki bosh og`rig`ining sababi nima?'ning rasmi

“Ba`zan ertalab bosh og`rig`i bilan uyg`onaman. Buning sababi nima bo`lishi mumkin? Xavfli emasmi?”

Nafosat, Toshkent viloyati 

Nodira HAMROEVA, terapevt:

Ertalab uyqudan uyg`onmasdan bosh og`riyotganini his etish yoki o`rindan qo`zg`algach, birdan bosh og`rib qolishi doim ham fiziologik holat bo`lavermaydi. Bu ko`pincha uyquga to`ymaslik, xurrak sababli uyqu buzilishi depressiya yoki sirtli ichimlik oqibati bo`lishi mumkin. Ba`zida bu holat jiddiy bezovtaliklardan darak berishi mumkin. 

Ertalabki bosh og`rig`ini vujudga keltiruvchi ko`pgina omillar bir-biri bilan bog`liq bo`ladi. shu sababli avvalo shifokor ko`rigiga borish talab etiladi.

Arterial qon bosimi baland bo`lganida yoki to`satdan ko`tarilsa, bosh og`riydi. Aslida, ertalab qon bosimi kunduzgiga qaraganda balandroq bo`ladi. Agar sizga gipertoniya tashxisi qo`yilgan bo`lsa, bosh og`rig`i kasallik xuruji alomati bo`lishi mumkin. 

Tongda bosh og`rishining yana bir sababi – bu glaukoma. Bunda bosh og`rig`i bilan birgalikda ko`zlarda ham noxushlik kuzatiladi. Shuningdek, faol teri ajralishi, ko`ngil aynishi ham yuzaga kelishi mumkin. 

Bosh miyada o`simta yuzaga kelgan bo`lsa ham ertalab bosh og`rishi mumkin. Biroq o`simta o`zi haqida boshqa belgilar bilan ham ayonlik beradi: holsizlik, surunkali charchoq, ko`ngil aynishi, hushdan ketish. 

Tavsiya: Tongda bosh og`rishi tez-tez takrorlanayotgan bo`lsa, shifokor ko`rigidan o`ting. Agar bu biror xastalik alomati bo`lmasa, ertalab nonushta qilishdan oldin 1 stakan iliq suvga yarimta limon sharbati (istasangiz asal qo`shishingiz mumkin)ni aralashtirib, oz-ozdan iching. Limonli suv organizmni tetiklashtirib, qon aylanishi va metabolizmni yaxshilaydi. 

Boshqa yangiliklar