AsosiyMadaniyat

Jerar Deparde O`zbekistonga keladi

'Jerar Deparde O`zbekistonga keladi'ning rasmi

Parijda taniqli fransuz aktyori Jerar Deparde ishtirokida film suratga olish masalalari muhokama qilindi.

10 oktyabr kuni Parij qarorgohida dunyoga mashhur fransuz aktyori Jerar Deparde va “Buyuk ipak yo`li” nomi ostidagi loyiha ishtirokchilarining O`zbekiston haqida hujjatli film ishlash va uni Fransiya va O`zbekiston telekanallarida namoyish etish bo`yicha uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda O`zbekistonning Fransiyadagi elchisi S. Rustamboev, “O`zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov va «B-Tween Production» kompaniyasi bosh direktori Arno File ishtirok etdi. Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Turizmni rojlantirish Davlat qo`mitasi va “O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi ham ushbu loyihaning  hammmualliflari hisoblanadi.

Tomonlar film loyihasining amaliy jihatlarini muhokama qildilar. Film mualliflarining fikriga ko`ra bosh qahramon Jerar Deparde butunlay yangi qiyofasida tomoshabinlarga mutlaqo yangi yondashuv taqdim etadi. Shunday qilib, odatiy yo`nalish va mashqlardan uzoqlashgan holdan film fransuz tomoshabinlari uchun O`zbekistonning yangi noma`lum qirralarini ochish vazifasini qo`yadi.

Shu maqsadda loyiha tashkilotchilari O`zbekistonning eng g`ayrioddiy va sirli joylarida suratga olish ishlarini rejalashtirishgan. Bu Amudaryo bo`yidagi noyob – Oks Iskandariyasi, Budda va Kushon yodgorliklari, masalan, Fayoztepa, Avliyo Doniyor hamda uch payg`ambar maqbaralari va boshqalar.Filmda ta`limda islom dinining roli va mohiyatiga alohida e`tibor beriladi.  

– Uchrashuvimizning Fransiya va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Parijdagi uchrashuvi yili munosabati bilan bo`lib o`tishi ramziy ma`noga ega,  – dedi aktyor Jerar Deparde o`z uyida mehmonlarni qabul qilar chog`ida. – Bugun O`zbekistonda amalga oshirilayotgan noyob islohotlar va ochiqlik siyosati barchaga ma`lum. Prezident Shavkat Mirziyoev va uning islom dini ezgulik, tinchlik, bunyodkorlik va bag`rikenglik dini ekanligini dunyoga etkazishga qaratgan sa`y-harakatlari meni ta`sirlantirdi.

Bilasizmi, bu mening shaxsiy qarashlarimga mos keladi, chunki men islomni siyosiy va xudbin maqsadlarda ishlatib bo`lmaydi, deb hisoblayman. Filmning katta auditoriyasi boy tarixga ega, betakror tabiat, samimiy va mehmondo`st xalq bo`lgan yangi jo`shqin O`zbekistonni ochish uchun berilgan imkoniyatlar meni ilhomlantirdi.

Ushbu mamlakatga safarimni sabrsizlik bilan kutyapman, – dedi film bosh qahramoni Jerar Deparde.

– Mamlakatingiz o`zining boy madaniy va ma`naviy merosini asrab-avaylash borasida keng ko`lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu tamaddunlar, imperiyalar, dinlar va madaniyatlarning uyg`unlashuvidir. O`zbekistonning o`z merosiga nisbatan bunday ehtiromi tahsinga loyiq va alohida hurmatni talab etadi, – dedi u.  

Shuningdek, taniqli aktyor Jerar Depardega u yuqori baholagan "O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” jamlanmasi taqdim etildi.

Bundan tashqari, loyiha tashkilotchilari va telekanal bosh direktori Katrin Shyofer rahbarligida "Paris Premiere" telekanalining top-menedjerlari bilan uchrashuv o`tkazildi va ushbu kanal orqali 2020 yil  fevral-mart oylarida film namoyish etilishi borasida kelishib olindi.

Uchrashuvda bosh direktor 2020 yilning fevral-mart oylarida Jerar Deparde ishtirokida O`zbekiston haqidagi filmni namoyish etishga tayyor ekanligini yana bir bor ma`lum qildi va shuningdek  "Paris Premiere"  telekanali va  O`EOAVA o`rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Boshqa yangiliklar