Bugun – 12 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisi o`z ishini davom ettirmoqda, deya xabar berildi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Senat raisi T.Norboeva boshqarayotgan majlisda kun tartibiga kiritilgan qolgan masalalar ko`rib chiqiladi.
Eslatib o`tamiz, kun tartibiga 12 masala kiritilgan bo`lib, majlisning birinchi kunida 19 qonun ko`rib chiqildi.
Bugun ko`rib chiqiladigan masalalar ichida Namangan viloyatining Namangan shahri, To`raqo`rg`on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo`rg`on tumanlari chegaralarini o`zgartirish to`g`risida, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qo`rg`ontepa tumani chegaralarini o`zgartirish to`g`risida, Andijon viloyati Bo`z tumanining nomini o`zgartirish to`g`risida qo`mitalar a`zolarining axborotlari eshitiladi.
Shu bilan birga, Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan, shuningdek, ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlari yuboriladi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi sudyalarining maxsus kiyimi tavsifi va namunasini tasdiqlash, Oliy sud tarkibiga o`zgartirishlar kiritish kabi masalalar senatorlar e`tiboriga havola etiladi.






