1

TOShKENTDA VII EVROPA KINOSI FESTIVALINING TANTANALI OChILISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI

Madaniyat 12.10.2019, 12:17
TOShKENTDA VII EVROPA KINOSI FESTIVALINING TANTANALI OChILISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI

11 oktyabr kuni O`zEOAVMA media-xollida VII Evropa kinosi festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbir "O`zbekkino" Milliy agentligi va Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Evropa Ittifoqining O`zbekiston Respublikasidagi delegasiyasi rahbari Eduard Stiprays tadbirni ochar ekan, festivalda taqdim etiladigan, Evropaning 12 mamlakatida yaratilgan 10 ta film turli tanlov va festivallarda g`olib deb topilganini, Evropa hayotining turli qirralarini aks ettirganini ta`kidladi.

- Sizga umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida yaratilgan ushbu filmlarni taqdim etayotganimizdan mamnunmiz. Bugun O`zbekiston qay darajada o`zgarib borayotgani, keng ko`lamli islohotlar jarayonida ushbu insoniy qadriyatlar keng targ`ib qilinayotgani bizni quvontiradi ”, dedi diplomat.

"O`zbekkino" Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o`zining tabrik nutqida ta`kidlaganidek, "O`zbekkino" bugungi kunda kinematografiyaning jahon tendensiyalari markazida bo`lishga va evropalik hamkorlar bilan faol ishlashga harakat qilmoqda.

“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugun O`zbekiston butun dunyoga o`z eshiklarini ochdi. Dunyo O`zbekistonni qayga kashf etmoqda, O`zbekistonliklar ham dunyoni chuqur anglab etmoqda. Festivalning asosiy maqsadi ham shu. Bizning muhim vazifalarimizdan biri bu nafaqat Evropa kinosi kunlarini O`zbekistonda o`tkazish, balki Evropada ham o`zbek filmlarini namoyish etish, evropalik tomoshabinlarga O`zbekistonning boy tarixi, madaniyati va san`ati haqida ma`lumot berishdan iborat. Bunga qo`shma loyihalarni amalga oshirish orqali erishish mumkin. Ayni paytga qadar biz ana shu maqsadda Buyuk Britaniyaning Bi-Bi-Ci kompaniyasi, Fransiyaning Paris Premiere kanali bilan shartnoma imzoladik, Daniyaning " Danmon grour " kompaniyasi bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda ", dedi F.Abduxoliqov.

Bu yilgi festival mamlakatimizning to`rt shahri aholisini quvontiradi: Evropaning etakchi kinorejissyorlari ishlagan kartinalar Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzaxdagi katta ekranlarda namoyish etiladi.

Ettinchi yil ketma-ket "O`zbekkino" milliy agentligi, Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda kino san`ati orqali tomoshabinlarga EI mamlakatlari madaniyatini yanada chuqurroq anglab etish imkoniyatini bermoqda.

Ta`kidlash joizki, Evropa kompaniyalari, telekanallari va aktyorlari bilan hamkorlik "O`zbekkino" ning ustuvor yo`nalishlaridan biri bo`lib, nafaqat Evropa tomoshabinlarini yangi O`zbekiston bilan, balki o`zbekistonlik tomoshabinlarni Evropa kinosi tendensiyalari bilan tanishtirish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu mahalliy kino san`ati va sanoatining jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini ta`minlash, yuqori malakali rejissyorlar, kino dramaturglari, aktyorlar, rassomlar va operatorlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.

11 oktyabrdan 10 noyabrga qadar Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvesiyaning taniqli rejissyorlari yaratgan filmlar kinofestivalning mehmonlari va ishtirokchilari e`tiboriga havola etiladi. Tomoshabinlar turli janrlar va yo`nalishlarda yaratilgan "Belgiyaliklar qiroli" komik dramasi, "Luiza qishda" animasion filmi, "Stefan Sveyg: Evropa bilan vidolashuv", "Itlar olisdan hurganda" nomli to`liq metrajli filmlarni, hatto birota ham inson rol o`ynamagan olingan Homo sapiens filmini ko`rishlari mumkin.

Toshkentda filmlar namoyishi 18 oktyabrga qadar, Nukusda 24-26 oktyabr kunlari, Urganchda 1 dan 3 noyabrgacha, Jizzaxda 8 dan 10 noyabrgacha bo`lib o`tadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1