1

Ozoda Saidzoda muhtaram Prezidentimiz, xalqimiz va san`atkorlardan uzr so`rab, uni kechirishlarini iltimos qildi...

Madaniyat 13.10.2019, 22:33
Ozoda Saidzoda muhtaram Prezidentimiz, xalqimiz va san`atkorlardan uzr so`rab, uni kechirishlarini iltimos qildi...

Ma`lumki bugun yurtimizda shaxsan muhtaram Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarni rivojlantirishga juda katta e`tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, san`at sohasida ham keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqdaki, buning natijasi o`laroq, o`zbek san`ati bugun mutlaqo yangicha nigohlar bilan dunyoga o`zini namoyon qilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda inson haq-huquqlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini joyida o`rganib, muammolarning echimini topish va xalqimizni rozi qilish uchun keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“O`zbekkonsert” davlat muassasasi ham bu jihatlarga katta e`tibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning 10 oktyabr kuni xonanda Ozoda Saidzoda “O`zbekkonsert” davlat muassasasiga o`z ijodini keng targ`ib qilish va faoliyatini qonuniy tarzda yuritish maqsadida konsert-tomosha faoliyatiga ruxsat beruvchi lisenziya so`rab murojaat qildi.

Shu munosabat bilan 2019 yil 13 oktyabr kuni “O`zbekkonsert” davlat muassasasida ustoz san`atkorlar ishtirokida ochiq muloqot tarzidagi davra suhbati tashkil etilib, unda xonanda Ozoda Saidzodaning murojaati muhokama etildi.

Davra suhbatida xonandaning bundan bir necha yillar oldin siyosiy xatoga yo`l qo`ygani, bilib-bilmay, asoslanmagan ma`lumotlarga ishonib inson shaxsiyatiga teguvchi noo`rin fikrlar bildirgani, bundan tashqari muxlislarga nisbatan hurmatsizlik qilgani, san`atkor odobi doirasidan chetga chiquvchi harakatlar sodir etgani ustozlar tomonidan qattiq tanqid qilindi.

Shundan keyin xonanda Ozoda Saidzodaning o`zi ham so`zga chiqib, xatolarini tan olib, bundan bir necha yillar oldin bilib-bilmay, asoslanmagan ma`lumotlarga ishonib, hissiyotlarga berilib, jamoatchilik orasida o`zining noo`rin fikrlarini ommaviy axborot vositalari orqali bayon etganidan astoydil pushaymon ekanligini bildirib, shuncha vaqt ichida o`ziga to`g`ri xulosa chiqargani, imkoniyat berilsa, bundan keyingi faoliyatida milliy estradani rivojlantirishga, o`zining qo`shiqlari bilan xalqqa xizmat qilishga va`da berdi.

So`ng, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizdan hamda barcha san`atkorlardan uzr so`rab, uni kechirishlarini, yana bir bor unga imkoniyat berishlarini iltimos qildi.

Davra suhbati yakunida barcha ustoz san`atkorlarning fikrlari tinglanganidan so`ng, “O`zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahorov tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining san`at ahliga bo`lgan g`amxo`rligi va mehribonligi hamda kechirimliligi bois garchi xonanda Ozoda Saidzoda tomonidan o`z vaqtida noo`rin fikrlar bildirilganiga qaramasdan, Yurtboshimiz tomonidan bugun uning kechirilgani hamda erkin ijod qilishiga imkoniyat yaratilgani ma`lum qilindi.

Sadoqat Allaberganova 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1