So`qong`ich hokim yana uzr so`raydimi? Kun.uz nimalarni aniqladi

Jamiyat 17.10.2019, 07:57
So`qong`ich hokim yana uzr so`raydimi? Kun.uz nimalarni aniqladi

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Mirishkor tumani hokimining videotasvir va audioyozuvlari katta muhokamalarga sabab bo`ldi. Avvalo, makkajo`xori so`talarini ruxsatsiz olayotgan bobo va nabiralarini qattiq koyigani, keyin hokimning ovozi deb, aytilgan odam tomonidan 42 soniya davom etgan audioda o`z qo`l ostidagilarni juda qo`pol so`zlar bilan so`kkani…

Kun.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovga murojaat qildi.

“– Bu holatni yashirishning, xaspo`shlashning hojati yo`q. Hammasi ayon ko`rinib turibdi. Hozir bu holat prokuratura tomonidan oldingi holat bilan qo`shib o`rganish uchun nazoratga olingan. Rasman o`z tasdig`ini topsa, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 baravari miqdorida jarima qo`llanishi mumkin, – dedi hokimning jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha maslahatchisi.

Mirishkor tumani hokimligi matbuot kotibi Fayzulla Eshqulovning bu masala yuzasidan izohi quyidagicha bo`ldi.

«Mirishkor tumani hokimligi axborot xizmati «Ozodlik» radiosi va ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan «Otaxonni nevaralari oldida makkajo`xori uchun haqoratlagan hokim fermerlarni onasidan so`kdi», «So`kong`ich hokim tarixi» sarlavhali audioyozuvli xabarlarni o`rganib chiqdi. Ushbu voqealar alamzada odamlar tomonidan bo`rttirilgan, olti yil oldingi voqeani go`yoki bugun bo`lgandek qilib ko`rsatishga urinish holatlari bor.

Bir nechta misollar keltiraylik. O`rganishlar shuni ko`rsatdiki, Ravshan Komilov 2014 yil 7 oktyabrda Chiroqchi tumanining Po`stin qishlog`ida istiqomat qilayotgan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to`yini buzmagan, faqat o`sha davrning siyosatidan kelib chiqqan holda paxta terimi davrida to`y qilmaslik haqida ogohlantirish bergan.

2014 yilning 19 oktyabrida Chiroqchi tuman hokimi bo`lib ishlagan Ravshan Komilov Shahrisabz tuman hokimi Faxriddin Norovni ish kabinetidan tashqariga chiqarib urgan, degan jumla asossizligi bo`yicha bir qator faktlar to`plandi.

2018 yilning 18 iyunida Mirishkor tumanida fermerlik qilgan Sherali Davronovning yaqin qarindoshlari uning o`z joniga suiqasd qilishini bug`doy rejasiga va majlisda urib haqorat qilinganiga bog`lamayapti.

Bugungi maqolaga sabab bo`lgan, «Ozodlik» radiosi va ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan, tuman hokimining fermerga berayotgan tanbehi bilan bog`liq voqealar bundan roppa-rosa olti yil avval yozib olingan. Barchangizga ma`lumki, bundan besh-olti yil avval paxta siyosati yo`lida hech kim ayab o`tirilmagan. Hokimning fermerga tanbeh berish voqeasi olti yil avval Chiroqchi tumanida sodir bo`lgan. Alamzada kimsalar esa bu eski voqealarni ijtimoiy tarmoqlarda ko`rsatish orqali bugungi kunda ish va odamlarga munosabat uslubini o`zgartirgan hokimga qarshi ish qilayotganlari sezilib turadi. 

Yangilanayotgan Chiroqchi (2013-2017) va Mirishkor tumanlaridagi bunyodkorlik ishlarining boshida turgan, odamlarning boshini qovushtirgan, tumanlar eksporti haqida qayg`urgan, bir necha yillar davomida g`alla rejalarini ortig`i bilan bajargan, o`nlab xayriya tadbirlarining faol ishtirokchisi bo`lgan, muhimi vatan ravnaqi uchun xizmat qilayotgan fuqaro va rahbar Ravshan Komilovni obro`sizlantirish uchun harakat qilishyapti, degan xulosani keltirib chiqaradi ushbu xabarlar.

Kechagi gapni bugungi gapga aylantirmaylik! 

Hokim ham siz-u bizga o`xshagan ko`ngli va orzu havaslari bor. Qo`limizdan kelsa, adolatli gapni aytaylik, bo`lmasa sukut saqlaylik, yolg`on va uydirmalardan yiroqlashaylik».

Nevaralariga makkajo`xori so`tasini olib bergan bobodan uzr so`ragan tuman hokimi bu safar kimdan uzr so`rab chiqar ekan. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1