Avval xabar berganimizdek, bugun, 18 oktyabr kuni yakkabog`lik sobiq hokim o`rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkorga nisbatan sud hukmi o`qildi. Voqea sodir bo`lgan vaqtda jamoatchilik tomonidan etarlicha muhokama qilingan edi. Bugun o`qilgan hukmga nisbatan ham fikr-mulohazalar paydo bo`ldi. Xususan, huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiev ham bu masalaga o`z munosabatini bildirdi:
“Ko`pchilik nega tadbirkor qamaldi, hokim o`rinbosari qamalmadi, degan savolni berishmoqda.
Ozodlikni cheklash - bu qamalish emas. Ko`pchilik ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan adashtirmoqda.
Ozodlikni cheklash jazosi, bu jaydari tilda aytganda - uy qamog`i. Lekin bunda ham har doim mahkumni kun davomida uyiga qamab qo`yishar ekan, umuman uyidan chiqarmaskan, deb o`ylamaslik kerak.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga binoan, ozodlikni cheklash jazosi sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat bo`lishi ham mumkin. Masalan, kechki soat 20:00 dan ertalabki 8:00 gacha yashash joyidan chiqishni cheklashadi. Kunduz kuni esa bemalol erkin harakatlanaveradi. Katta ehtimol bilan tadbirkor Bahriddin Isamovga ham shunga o`xshash cheklov o`rnatilgan bo`lsa kerak (Oliy sud xabarida bunga aniqlik kiritilmagan).
Aslida tadbirkor aybdor deb topilgan jinoyat (98-modda, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o`ldirish) bo`yicha qonunchilikda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko`zda tutilgan. Ya`ni tadbirkorga ushbu modda sanksiyasida nazarda tutilgan eng engil jazoni berishibdi. Menimcha, tadbirkorga nisbatan adolatli hukm chiqarilgan. Har holda tirik insonning ustiga benzin quyib yoqib yuborishni har qanday vaziyatda ham oqlab bo`lmaydi.
Endi hokim o`rinbosariga masalasiga kelsak. Ayrimlar «uni qamash kerak edi», deyishmoqda. Bu fikrga ham uncha qo`shilmayman. Hokim o`rinbosari juda va juda noto`g`ri ish qildi, bu shubhasiz. Ammo hammani qamayvermaslik kerak, aslida. Bu davlat byudjeti uchun ham qo`shimcha zarar, jinoyatchini bir necha yil boqish kerak bo`ladi. Va bunaqa qilmishlar uchun qamalgan bilan biror narsa o`zgarib, jamiyatga foyda kelib qolmaydi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`ta og`ir jinoyatlar uchun qo`llayverish kerak.
«Mayli, qamoq bo`lmasin, lekin hech bo`lmasa hokim o`rinbosariga ham ozodlikni cheklash jazosini qo`llagan ma`qulmikin», deguvchilar ham topilsa kerak. Ularning gapida ham jon bor, inkor etmayman. Ammo mansabdor shaxsning qilmishi tufayli o`zgalarga eng avvalo moddiy zarar etgan, demak uning o`zidan ham katta miqdorda jarima olish, unchalik ham mantiqsiz qaror emas. Mol achchig`i, jon achchig`i deganlariday...
Har ne bo`lganda ham, ushbu voqealarga boshqalarga ham o`rnak bo`lib, bu kabi ko`ngilsiz va noxush holatlar qayta sodir etilmaydi, degan umiddamiz”.






