O`zbekiston Prezidentining 16 oktyabrdagi qarori bilan Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» xabar berdi.
Strategiyaga muvofiq, yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasi shakllantiriladi. Buning uchun ushbu kadrlarga bo`lgan ehtiyoj aniqlanadi, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun mutaxassisliklar ro`yxati belgilanadi.
Ma`lumot uchun, Prezident farmoniga asosan, O`zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universitetida atom energetikasi sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun yangi magistratura mutaxassisliklari ochildi, Toshkent davlat texnika universitetida «Energetika (atom energetikasi)» mutaxassisligi bo`yicha talabalarni o`qitish tashkil etildi.
Strategiyaga ko`ra, AESni ekspluatasiya qiluvchi tashkilot xodimlari 4 ta bosqichda quyidagi yo`nalishlar bo`yicha tayyorlanadi:
oliy rahbar xodimlar;
ekspluatasiya (operativ va ta`mirlash) xodimlari;
yordamchi texnik xodimlar;
ma`muriy-boshqaruv xodimlari.
Shu bilan birga, «MMFI milliy tadqiqot yadro universiteti»ning Toshkent filialida bakalavr yo`nalishlari kengaytiriladi, magistratura ochiladi.
Shuningdek, mazkur filial xodimlari Atom energetikasini rivojlantirish jamg`armasi hisobidan moddiy rag`batlantiriladi.
Strategiya maqsadlarida Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE), Jahon yadro uyushmasi huzuridagi Jahon yadro universiteti (Buyuk Britaniya), shuningdek, «Rosatom» ta`lim muassasalari (Rossiya) bilan hamkorlik yo`lga qo`yiladi.






