So`nggi kunlarda turli elektron ommaviy axborot vositalarida “Toshshahartransxizmat” AJ faoliyatiga oid maqolalar e`lon qilindi. Ularda asosan haydovchi va chiptachilarning qo`pol muomalasi, avtobus salonida sanitariya talablariga amal qilmaslik, yo`l haqiga qaytim bermaslik va avtosaroylardagi bir qator holatlar tanqid ostiga olingan.
Aytish lozimki, bugun “Toshshahartransxizmat” AJ faoliyatidagi bu kabi muammo va kamchiliklar bugun yoki kecha paydo bo`lib qolgan emas. Shu bois ham jamiyat rahbariyati tomonidan amalga oshrilayotgan sa`y-harakatlar ana shunday ildiz otgan illatlarga barham berishga qaratilgan.
Masalan, yil boshidan shu kunga qadar belgilangan talablarga zid xatti-harakat qilgani uchun 833 ta haydovchi va chiptachiga nisabatan intizomiy jazo choralari qo`llanilgan. 62 ta haydovchi va chiptachi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, ishdan bo`shatilgan.
Bunday keskin choralarni davom ettirilish bilan birga, muammolarga ob`ektiv baho berilib, ularni bartaraf etish choralari ko`rilmoqda.
Xususan, bir necha yillardan buyon oylik maoshlarining respublika tarif setkalaridan pastligi, ishchi-xodimlarning moddiy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash borasidagi masalalar ko`plab muammolarga sabab bo`layotgan edi.
Shundan kelib chiqib, oylik maoshlari bo`yicha yangi nizom tasdiqlandi. Bu haqda jamiyat tomonidan o`tkazilgan press-tur davomida OAV vakillariga ma`lum qilingan edi. Ushbu nizomga asosan, jamiyat va uning tarkibidagi barcha korxonalar ishchi-xodimlari joriy yil sentyabr oyidan qariyb teng barobargacha oshgan miqdorda oylik maoshlari ola boshladi. Bundan maqsad, muammoga vaqtincha barham berish emas, balki ildiz otgan tomirni tag-tugi bilan olib tashlashdir.
Ana shunday sa`y-harakatlardan so`ng barcha toifadagi rahbar va ishchi-xodimlarga talab ortadi va har qanday g`ayriqonuniy xatti-harakatlarga nisbatan qat`iy va qattiq choralar ko`rish davom ettiriladi.
To`g`ri, oldinda hal etilishi lozim bo`lgan kamchiliklar mavjud. Ommaviy axborot vositalarida qayd etilganidek avtobuslar qatnovi, ularning sanitariya holatlari va boshqa bir qator masalalarda yo`lovchilar e`tirozlari kamaygani singari, ayni kunda noroziliklarga sabab bo`layotgan salbiy holatlarga ham bosqichma-bosqich barham beriladi.
Ammo, “Toshshahartransxizmat” AJ ommaviy axborot vositalari vakillaridan bir narsani so`rab qoladi. Jamiyat faoliyatiga baho berishda ko`tarilgan masalaga biryoqlama baho bermay, muammoni atroflicha o`rganib, sabab va omillarni tahlil etgan holda munosabat bildirsalar maqsadga muvofiq bo`lar edi.