2019 yil 17 oktyabr kuni telegram ijtimoiy tarmog`ining “Avtopatrul.uz” kanali orqali “Namanganda Zaks paytida yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqqan neksiya Man yuk mashinasi tagiga kirib ketdi” nomli videolavha tarqatilgan edi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, Ushbu holat 2019 yil 29 sentyabr kuni soat 11.30larda davlat raqami belgisi 50 O 524 SA bo`lgan “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi to`y munosabati bilan guruh bo`lib harakatlanayotgan transport vositalari tarkibida boshqarib ketayotganda sodir bo`lgan. Ushbu avtomashina Namangan viloyatining Uchqo`rg`on tumanidagi “Uchqo`rg`on-Burilma” avtomobil yo`lining 23-km.da harakat xavfsizligini ta`minlay olmay, boshqaruvini yo`qotib yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va o`z yo`nalishida harakatlanib kelayotgan “MAN” rusumli avtomashinaga borib urilgan. Natijada “Neksiya” haydovchi va uning yo`lovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Uchqo`rg`on tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “Ana shunday mudhish holatlarni tasvirga tushirib, internet tarmoqlarida tarqatayotgan fuqarolarimizga murojaatimiz shuki, o`zgalarning musibatni tasvirga olib ovoza qilgandan ko`ra, jabrlanganlarga yordam qo`lini cho`zsalar maqsadga muvofiq bo`lar edi”, — ta`kidlaydi IIV.