AsosiyJamiyat

Ichki ishlar vazirligi delegasiyasi Interpol Bosh Assambleyasining sessiyasida ishtirok etdi

'Ichki ishlar vazirligi delegasiyasi Interpol Bosh Assambleyasining sessiyasida ishtirok etdi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari A.Tashpulatov boshchiligidagi delegasiya joriy yilning 15-18 oktyabr kunlari Interpol Bosh Assambleyasining sessiyasida ishtirok etib qaytdi, deya xabar beradi IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi.

Interpol Ustaviga muvofiq har yili bir marotaba o`tkaziladigan tashkilotning eng nufuzli tadbirini Chili Respublikasi Prezidenti Sebastyan Pinera ochib, tadbir ishtirokchilarini tabriklab, nutq so`zladi va barchani doimiy ravishda, tezkorlik bilan o`zgarib borayotgan jinoyatchilik va tahdidlarga qarshi birgalikdagi kurashni yanada faollashtirishga chaqirib, barcha polisiya organlari va Interpol faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ishtirokchilar uch kun davomida bo`lib o`tgan sessiyada uyushgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy savdosi, kiber jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurash, tezkor-qidiruv faoliyatini hamkorlikda tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolarni muhokama qilib, galdagi vazifalarni belgilab oldilar.

Shuningdek, sessiya ishida Interpol Bosh kotibligiga va Ijroiya qo`mitasi tarkibiga saylovlar o`tkazish, 2020-2025 yillarda Interpol Bosh Assambleyasining sessiyalari bo`lib o`tadigan davlatlarni aniqlab olish, tashkilotning 2021 yilga mo`ljallangan byudjetini tasdiqlash, a`zo mamlakatlarda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo`lgan polisiya xodimlarining oila a`zolarini moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash fondini tashkil etish hamda Interpol nizomiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish kabi tashkiliy masalalar ko`rib chiqilib, har bir masala yuzasidan yakuniy to`xtamga kelindi.

Mazkur tadbir doirasida vazirlik delegasiyasi tomonidan xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuvlar o`tkazildi.

Jumladan, Vazirning birinchi o`rinbosari A.Tashpulatov va Turkiya Ichki ishlar vazirining o`rinbosari Mexmet Ersoy uchrashuvida tomonlar so`nggi yillarda O`zbekiston-Turkiya munosabatlari sezilarli darajada mustahkamlanib, sifat jihatidan yuqori darajaga ko`tarilganligi va hamkorlikning barcha jabhalarini qamrab olayotganligini hamda bunday yutuqlarda ikki davlat rahbarlarining do`stona aloqalari asos bo`lib xizmat qilayotganligini e`tirof etdilar.

Uchrashuvda ikkala vazirlik o`rtasidagi hamkorlikning bugungi kundagi holati va istiqbollari, uyushgan jinoyatchilik, narkotik vositalarning noqonuniy savdosi, terrorizm, noqonuniy migrasiya, odam savdosiga qarshi kurash hamda boshqa shu kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Chili davlatiga bo`lgan uch kunlik tashrif davomida Interpol bosh kotibi Yurgen Shtok, Rossiya Federasiyasi, AQSh, Ozarbayjon va Koreya respublikalarining Interpol milliy markaziy byurolari bilan ham idoraviy uchrashuvlar o`tkazilib, o`zaro ma`lumot almashish va amaliy hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Hech shubhasiz, safar davomida o`tkazilgan samarali uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar vazirlikning xalqaro hamkorligini rivoj topishi va jinoyatchilikka qarshi kurashda xorijiy mamlakatlar bilan yanada samarali va tezkor hamkorlik qilishga xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar